Saida Mirziyoyeva ammasi Prezident Mirziyoyevni ona o‘rnida ona bo‘lib katta qilganini aytdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ommaviy tadbirda otasi va ammasining bolaligi haqida gapirdi. 

“Mening ammam borlar, dadamning opalari. Ularni judayam yaxshi ko‘raman. Meni opichlab katta qilganlar. Buvim vafot etganlarida dadam 9, opalari 12 yosh bo‘lganlar. Mana shu 12 yoshli qizaloq ona o‘rnida dadamni voyaga yetkazgan. O‘qishga kirib, Samarqandga ketgan paytlari ham stipendiyani o‘zlariga ishlatmay, ukalari, ya’ni dadam bilan baham ko‘rganlar. O‘zlari yoshgina bo‘lib, onasiz qolgan ukaga g‘amxo‘rlik qilish ular uchun tabiiy hol edi. Men qahramonlik ko‘rsatyapman degan gap, ammajonimning xayoliga ham kelmagan”, deydi Mirziyoyeva.

Ma’lumki, Saida Mirziyoyeva 2019 yilning birinchi choragidan keyin omma e’tiboriga tushdi. 2019 yilning 12 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunitsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Mirziyoyeva joriy yilning 29 yanvar kuni o‘z xohishi bilan bu lavozimni tark etdi va nodavlat tashkilotda ish boshladi. Saida Mirziyoyeva ayni vaqtda Gender tegligi bo‘yicha komissiyaning a’zosi ham sanaladi. U yaqinda BAAning Dubay shahrida o‘tgan xalqaro forumda ishtirok etib qaytdi. Ushbu forumdagi chiqishi haqida Mirziyoyeva shunday deydi: 

“Ochig‘ini aytsam, ammajonim bilan munosabatlarimiz ajoyib. Bir-birimizga muhabbatimiz cheksiz. Har bir chiqishim bo‘lsa yoki biror joyda muvaffaqiyatga erishsam, albatta, telefon qiladilar yoki SMS yozib qo‘yadilar: “Bolajonim, barakalla. Men sen bilan g‘ururlanaman. Men har doim yoningdaman”, deb. 

Kuni kecha Dubayga forumga bordik. Global ayollar forumida ishtirok etganimda, nutq so‘zladim. Forumdan keyin telefon bo‘lmadi. Hayronman, telefonim nega jim. Ammam ko‘rmadilarmi yoki ko‘rmay qoldilarmi, mazalari yo‘qmi, deb xavotirga tushib qoldim. Yo‘q, bilsam telefonlari buzilib qolibdi. 65 yosh bo‘lsalar ham har doim, albatta, telefon qilib yoki yozib qo‘yadilar. Har kuni gaplashib turamiz”.

Mirziyoyeva so‘zi davomida buviga ham to‘xtalgan. U birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaning onasi haqida so‘z ochib, buvisi 76 yoshda bo‘lsa ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qo‘shimcha qiladi. 

“Buvim 76 yoshdalar. “Repost” ham qilishni biladilar, matn ham yozadilar, biror joyida xato bo‘lib qolsa, tahrir ham qilib qo‘yadilar”, deydi Prezidentning to‘ng‘ich qizi. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

724

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing