Si Szinpin mehmonlari uchun quyuq ziyofat berdi (video)
Olam
−
01 Sentabr 15720 2 daqiqa
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin kecha, 31 avgust kuni rafiqasi Pen Liyuan bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammiti ishtirokchilari uchun Tyanszinda ziyofat uyushtirdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, ziyofat oldidan Si Szinpin rafiqasi bilan “Meyszyan” kongress markazida Xitoyga kelgan xorijiy davlat rahbarlarini samimiy qutlagan. Ular qo‘l berib salomlashgan va birgalikda suratga tushgan.
Shundan so‘ng mehmonlar uchun ziyofat va konsert tashkillashtirilgan. Bayramona dasturxonda davlat rahbarlariga keng turdagi taomlar va ichimliklar taklif etildi. Mehmonlarga sakkiz delikatesli sho‘rva, soya sousida omar, qo‘ziqorinli bifshteks, dengiz no‘xati bilan taomlar, shuningdek, nilufar piyozi va no‘xat novdalari bilan taomlar tortilgan.

Asosiy taomga mashhur bug‘da pishirilgan “Goubuli“ go‘shtli bulochkalari va “Igna qulog‘i” g‘ayrioddiy nomli qovurilgan taom kiritilgan. Shirinlik uchun tiramisu, sarxil mevalar va muzqaymoq taklif qilindi.
Ichimliklarga kelsak, mehmonlarga kofe, choy, shuningdek, Tyanszindagi 2024 yil hosilidan olingan “Dinastiya” brendining qizil va oq quruq sharoblari taklif qilindi.
Tadbirlarda Xitoy Raisi Si Szinpin, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tqayev, Qirg‘iz Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Misr, Kambodja, Nepal, Armaniston hukumatlari rahbarlari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham qatnashdi.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Live
Barchasi