Si Szinpin Xitoyni urushga tayyorlayotganini aytdi – “Foreign Affairs”

Olam

image

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin mamlakatini urushga tayyorlayotganini aytdi. Bu haqda “Foreign Affairs” nashri xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Szinpin Xitoy parlamenti va uning oliy siyosiy maslahat organining yillik yig‘ilishida to‘rtta nutq orqali ushbu mavzuni yoritib bergan. Nutq davomida u generallardan biriga “jang qilishga jur’at eting”, deb ta’kidlagan. Uning hukumati, shuningdek, so‘nggi o‘n yillikda ikki barobar o‘sgan mudofaa budjeti yana 7,2 foizga ortganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari mamlakatning import g‘allaga bo‘lgan qaramligini kamaytirish rejasi ham e’lon qilingan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Pekin harbiy tayyorgarlik bo‘yicha yangi qonunlar, Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan shaharlarda havo hujumidan yashirinish uchun boshpanalarni hamda “Milliy mudofaa safarbarligi” idoralarini joriy qilgan. 

Nashrda e’lon qilingan maqolada aytilishicha, hozircha voqealar rivoji nima bilan tugashini aytishga erta. Biroq agar Si Szinpin urushga tayyorligini aytgan ekan, uning gapini jiddiy qabul qilish kerak. Nashr Xitoyning urushga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligining isboti sifatida bir necha alomatlarni keltirgan. Xususan, Si Szinpinning Butunxitoy xalq vakillari kengashi va Xitoy Xalq siyosiy maslahat konferensiyasining bu yilgi yig‘ilishlarida so‘zlagan nutqi Xitoy nashrlaridan birida e’lon qilingan. Unda Xitoy rahbari milliy mudofaa va armiyani modernizatsiya qilishni tezlashtirish kerakligiga urg‘u bergan. Nutq davomida AQSHga ham sha’ma qilingan.

“Bizga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan urushlar oldida dushmanlar bilan ular tushunadigan tilda gaplashishimiz hamda tinchlik va hurmat qozonish uchun g‘alabadan foydalanishimiz kerak. Yangi davrda Xalq Armiyasi janglarni to‘xtatish uchun kuch ishlatishni talab qilmoqda. Armiyamiz jangovar mahorati, kuchli jangovar ruhi bilan mashhur. U faqat tariq va miltiqlar bilan Amerika texnikasi bilan jihozlangan Gomindan armiyasini mag‘lub etdi. U Koreya jang maydonida tish-tirnog‘igacha qurollangan dunyoning birinchi raqamli dushmanini mag‘lub etdi va dunyoni larzaga solgan, arvohlar va xudolarning yig‘lashiga sabab bo‘lgan kuchli va ulug‘vor jangovar dramalarni namoyish etdi”, deyiladi unda. 

Xitoy rahbarining ehtimoliy urushni rejaalashtirayotganiga oid ishoralar oldinroq, o‘tgan yilning dekabr oyida ham paydo bo‘lgan. O‘shanda Pekin Xalq ozodlik armiyasiga zaxira kuchlarni osonroq faollashtirish va urush paytida jangovar qo‘shinlarni to‘ldirish tizimini tashkil etish imkonini beradigan yangi qonunni e’lon qilgandi. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy Vladimir Putinning Ukraina urushidagi muvaffaqiyatsizligidan harbiy safarbarlik joriy qilish bo‘yicha yetarlicha saboq chiqargan bo‘lishi mumkin. 

Ushbu qonun Pekinning urushga  tayyorgarligiga ishora qiluvchi yagona belgi emas. Shu yilning fevral oyida Butunxitoy xalq vakillarining oliy maslahat organi qabul qilgan qaror ham Xitoy boshlamoqchi bo‘lgan urushga aloqador bo‘lishi va undan Tayvanni egallashga qarshi bo‘lganlarni nishonga olishda foydalanilishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, Pekin ushbu qonundan Tayvan bosib olingudek bo‘lsa, uning hududida qonuniy yurisdiksiyani talab qilishi yoki Xitoy fuqarolarini urush paytida o‘z qarorlarini qo‘llab-quvvatlashga majburlash uchun foydalanishi mumkinligi taxmin qilinyapti.

Xitoy rasmiy matbuotining xabar berishicha, o‘tgan yilning dekabr oyidan beri mamlakat bo‘ylab, jumladan, Pekin, Futszyan, Xenan, Xubey, Shandun, Ichki Mo‘g‘uliston, Shanxay, Sichuan, Tibet va Uxanda bir nechta Milliy mudofaa safarbarlik bo‘limlari ochilgan. Shuningdek, Tayvan bo‘g‘ozi bo‘ylab joylashgan Futszyan provinsiyasidagi shaharlarda havo hujumidan boshpanalar va kamida bitta urush davrida foydalaniladigan tez tibbiy yordam kasalxonasi ishga tushirilgan yoki modernizatsiya qilish ishlari boshlangan. Mart oyida esa Futszyan va provinsiyaning bir qator boshqa shaharlarida xorijdagi IP-manzillarga hukumat veb-saytlariga kirish cheklangan. Bu Xitoyning urushga tayyorgarligini kuzatishga to‘sqinlik qilish maqsadida amalga oshirilgani aytilmoqda.

Xitoy xalq siyosiy maslahatlashuv konferensiyasida Tayvanning mustaqilligi tarafdori bo‘lgan shaxslar va siyosiy rahbarlarni qora ro‘yxatga kiritish ham taklif qilingan. Shuningdek, yig‘ilishda sobiq Bosh vazir Li Ketsyan 2023 yilga mo‘ljallangan 1,55 trillion yuanlik (taxminan 224,8 milliard dollar) harbiy byudjetni e’lon qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga ko‘p demakdir. U ham “urushga tayyorgarlik”ni tezlashtirish kerakligini ta’kidlagan. 

Xalqaro ekspertlar Xitoy oxirgi yillarda mudofaa byudjetini kamaytirib ko‘rsatayotganini iddao qiladi. Masalan, 2021 yilda Pekin mudofaa uchun 209 milliard dollar sarflaganini da’vo qilgan bo‘lsa, Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti haqiqiy ko‘rsatkichni 293,4 milliard dollar deb baholaydi. Hatto, Xitoy e’lon qilgan rasmiy miqdor ham AQSHning Tinch okeani shartnomasi bo‘yicha barcha ittifoqchilarining (Avstraliya, Yaponiya, Filippin, Janubiy Koreya va Tailand) umumiy harbiy xarajatlaridan oshib ketadi. 

Si Szinpin 6 mart kungi nutqida AQSHni Xitoyning raqibi sifatida alohida ajratib ko‘rsatgan, shuningdek, Tayvanni materikka birlashtirishni o‘zining ustuvor vazifasi ekanini yana bir bor qayd etgandi. Bundan tashqari, u xususiy biznesni Xitoyning harbiy va strategik maqsadlariga xizmat qilishga undagan. 

“Uning urushga tayyorgarlik haqidagi xabarlari va milliy tiklanishni (Si Szinpin e’lon qilgan etnik siyosat bo‘lib, undan maqsad etnik jihatdan bir xil “milliy davlat” yaratish va etnik ozchilik madaniyatini Xitoy madaniyati bilan almashtirish hisoblanadi) birlashish bilan tenglashtirishi Tayvanni qo‘rqitish uchun siyosiy urush kampaniyasining yangi bosqichini anglatadi. U orolni egallash uchun kuch ishlatishga tayyorligi aniq. U Qo‘shma Shtatlar bilan nazoratsiz keskinlashuvni xavf ostiga qo‘ymasdan buni qila oladimi yoki yo‘qmi, noma’lumligicha qolmoqda”, deya qo‘shimcha qilinadi xorijiy nashr xabarida.

Nodirjon Madaminov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Xitoy urush Si Tszin'pin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing