Xitoy YeIni xalqaro normalarni buzishda aybladi
Olam
−
09:24 1741 1 daqiqa
Xitoy Yevropa Ittifoqini xalqaro normalarni buzishda va Xorijiy subsidiyalar to‘g‘risidagi reglament mexanizmi orqali Xitoy kompaniyalariga bosimni kuchaytirishda aybladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Maqolada aytilishicha, Yevropa Ittifoqi XXR kompaniyalariga nisbatan tergovlar soni va ko‘lamini oshirib, vaziyatni keskinlashtirgan.
Xitoy Tijorat vazirligining bayonot berishicha, tekshiruvlar, xususan, xavfsizlik tizimlari uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi Nuctech Co. kompaniyasiga ham daxl qilgan.
Pekinning qayd etishicha, Yevropa rasmiylari Xitoy banklaridan hamkorlik qilishni va bevosita tergovga aloqasi bo‘lmagan katta hajmdagi ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilmoqda. Bu esa, Pekin fikricha, ushbu tashkilotlarning Yevropadagi barqaror faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Tijorat vazirligi Yevropa Ittifoqining yettita aerokosmik kompaniyasini eksport nazorati ostidagi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan edi. Sanksiyalar joriy etilishiga ushbu kompaniyalarning Tayvan bilan harbiy hamkorligi sabab bo‘lgan. Gap Belgiyaning o‘q otish qurollari ishlab chiqaruvchi FN Herstal kompaniyasi va uning bosh kompaniyasi FN Browning Group, shuningdek, Yevropaning yirik mudofaa pudratchilari, aerokosmik tadqiqot institutlari va sun’iy yo‘ldosh orqali razvedka qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar haqida bormoqda.