Shveysariyadagi bayram fojiasi: O‘zbekiston TIV hamdardlik bildirdi
Olam
−
02 yanvar 14984 2 daqiqa
Kecha, 1 yanvar kuni Shveysariyaning hashamatli “Crans-Montana” tog‘-chang‘i kurortida Yangi yil bayrami vaqtida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda qariyb 40 kishi halok bo‘lgan, 115 nafar inson turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in soat 01:30 atrofida Shveysariyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan kurort hududidagi “Le Constellation” nomli barda, odamlar bayram qilayotgan paytda yuz bergan. Mahalliy aholining aytishicha, ushbu maskan asosan yoshlar, jumladan o‘smirlar orasida mashhur bo‘lgan.
Shveysariya prezidenti Gay Parmelin mazkur fojiani “mamlakatimiz boshidan kechirgan eng dahshatli voqealardan biri” deb atab, halok bo‘lganlarning aksariyati yoshlar ekanini ta’kidladi.
Dastlab portlash sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, yong‘inning aniq sababi hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Rasmiylarning bildirishicha, hodisa terror hujumi bilan bog‘liq emas, balki baxtsiz hodisa sifatida baholanmoqda.
Mutaxassislar halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash maqsadida stomatologik ma’lumotlar va DNK tahlillaridan foydalanmoqda.
Mahalliy kanton politsiyasi rahbari Frederik Gislerning so‘zlariga ko‘ra, taxminan 40 kishi halok bo‘lgan, 115 nafari esa jarohatlangan bo‘lib, ularning aksariyati og‘ir ahvolda. U hozircha qurbonlar va jabrlanganlarning shaxsi haqida batafsil ma’lumot berish uchun erta ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Italiya rasmiylari olti nafar italiyalik bedarak yo‘qolganini, 13 nafari esa shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi sakkiz nafar fransuz fuqarosi bedarak yo‘qolganini bildirdi hamda halok bo‘lganlar orasida Fransiya fuqarolari bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.
Shuningdek, ushbu fojia yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham hamdardlik bildirdi. TIV matbuot kotibi Axror Burxanovning ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtga qadar halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar aniqlanmagan.
“Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi va Shveysariyadagi diplomatik vakolatxonalari mahalliy hokimiyat organlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirgi vaqt holatiga ko‘ra, vafot etganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari aniqlanmagan”, deydi Ahror Burxonov.
Live
Barchasi