Shveysariyada Usmonovga tegishli aktivlarning bir qismi blokdan chiqarildi

Olam

image

Shveysariya Iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) avval Alisher Usmonov bilan bog‘liq bo‘lgan trastlarning Credit Suisse bankidagi hisobidan 6,5 million yevrodan ortiq mablag‘ni blokdan chiqardi. Ushbu mablag‘lar boshqa yurisdiksiyalarda mol-mulkni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun ishlatiladi. Bu haqda “Tages-Anzeiger” nashri xabar berdi.

Usmonovning advokati nashr bilan suhbatda mablag‘larni saqlash xarajatlari uchun yechilgan mulklar tadbirkor yoki uning opasiga emas, balki “ko‘p yillar oldin” Usmonov tomonidan tashkil etilgan trastlarga tegishli ekanini tushuntirgan. SYeCO qarorida bu trastlarni Usmonov yoki uning opasi to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita nazorat qilishi aytilgan.

Nashrning tushuntirishicha, SYeCO istisno holatlarda aktivlarni blokdan chiqarishi mumkin. Masalan, agar cheklovlarga tushgan shaxslar og‘ir moliyaviy ahvolga tushganini bildirsa yoki mablag‘lar eski shartnomalarni bajarish uchun zarurligini isbotlasa.

“2022 yilda Usmonov yoki uning opasi bilan bog‘liq bir nechta kompaniyalar manfaatlarini ifodalovchi Jeneva trast kompaniyasi SECO‘ga Credit Suisse hisobidagi mablag‘larni blokdan chiqarish haqida arizalar bergan”, deb yozadi nashr.

Mazkur mablag‘lar Fransiyadagi ikkita vertolyot va Angliyadagi ko‘chmas mulkni saqlash xarajatlari bo‘yicha shartnomalar asosida to‘lovlarni amalga oshirish uchun so‘ralgan. SYeCO bu qarorni shartnomalar sanksiyalar joriy etilishidan oldin tuzilgani va to‘lovlarning kechikishi aktivlar qiymatining yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligi bilan izohlagan.

Fransiya janubidagi Le-Kastelle aerodromida joylashgan qiymati 13 million va 16 million dollar bo‘lgan vertolyotlar uchun xizmat ko‘rsatish va angar saqlash bo‘yicha shartnomalar doirasida bir nechta to‘lovlar talab qilingan. Jeneva trasti ishonchli vakillarining bildirishicha, mahalliy kompaniya allaqachon vertolyotlardan birini musodara qilish bo‘yicha sud jarayonini boshlagan. Ushbu to‘lovlarni amalga oshirish uchun SYeCO qariyb 2,5 million yevroni blokdan chiqargan. Shuningdek, vertolyotlarni saqlash xarajatlari uchun oylik taxminan 54 ming yevro miqdoridagi to‘lovlar tasdiqlangan.

Buyuk Britaniyadagi qasrni saqlash xarajatlari uchun Shveysariya idorasi taxminan 4,2 million yevroni blokdan chiqargan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir nechta qurilish kompaniyalari yaqin vaqt ichida to‘lovlarni olmasa, bankrotlikka uchrashi mumkin. Shuningdek, SYeCO “sanksiyalardan himoya qilish” yoki “sud muhokamalarida vakillik” uchun ishlatilish sharti bilan kelajakdagi advokatlar uchun gonorarlarni to‘lash uchun mablag‘larni ajratishga qaror qilgan. 

“Tages-Anzeiger” SYeCO ma’lumotlariga asoslanib, 2024 yil bahorigacha idora mablag‘larni blokdan chiqarish bo‘yicha 300 dan ortiq ariza olganini va ularning “katta qismini” ma’qullaganini yozadi. Sanksiyalar ostida qolgan rossiyaliklar bloklangan hisoblarda saqlangan 76-87 million dollar mablag‘larga ega bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada milliarder Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish ishi yopilgani xabar qilingandi. Frankfurt-Mayn Bosh prokuraturasiga ko‘ra, 71 yoshli tadbirkorga nisbatan ish 2024 yil 11 oktyabr kuni mamlakatning Jinoyat-protsessual kodeksining 153-moddasi “a” bandiga binoan yopilgan. Ushbu bandga ko‘ra, tergov qilinayotgan shaxs tomonidan ayrim shartlar va majburiyatlar bajarilganda, jumladan, xayriya yoki davlat byudjetiga hissa qo‘shish orqali ish to‘xtatilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Usmonov Shveytsariya aktiv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing