Shveysariyada asosiy foiz stavkasi 0 foizgacha tushirildi

Olam

image

Bugun, 21 iyun kuni Shveysariya Milliy banki asosiy qayta moliyalash stavkasini 0,25 foizdan 0 foizgacha pasaytirganini e’lon qildi. Milliy bank bu qarorni “o‘tgan chorak yakunlariga ko‘ra qayd etilgan inflyatsion bosimning pasayishi” bilan izohladi.

“Pul-kredit siyosatini yumshatishga qaratilgan bugungi choralar inflyatsiyaning sekinlashuviga javobdir. Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz va zarurat tug‘ilganda pul-kredit siyosatimizni qayta ko‘rib chiqishga tayyormiz”, deyiladi Milliy bank bayonotida.

Ko‘plab boshqa mamlakatlarda inflyatsiya nisbatan yuqori darajada saqlanayotgan bir paytda, Shveysariyada may oyida bu ko‘rsatkich –0,1 foizni tashkil etdi. Mutaxassislar buni Shveysariya frankining barqaror yuqori kursi bilan izohlamoqda, bu esa mamlakatga import qilinadigan mahsulotlar narxini mahalliy iste’molchilar uchun yanada arzonlashtiradi.

Frank kursining ko‘tarilishi, asosan, global makroiqtisodiy beqarorlik sharoitida investorlar ushbu valyutani o‘z aktivlarini saqlash uchun ishonchli vosita deb bilayotganlari bilan bog‘liq. Ba’zi tahlilchilar yaqin haftalarda Shveysariya Markaziy banki asosiy stavkani manfiy darajagacha, ya’ni –0,25 foizdan –0,75 foizgacha tushirishi mumkinligini istisno etmayapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 12 iyun kungi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shveytsariya asosiy foiz stavkasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing