Shveysariya Rossiyaga qarshi qaqshatqich sanksiyalar paketini qabul qildi
Olam
−
27 aprel 2022
23200Shveysariya Rossiya va Belarusga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Hukumat saytida e’lon qilingan xabarda keltirilishicha, Rossiya uchun muhim daromad manbai bo‘lgan mahsulotlar importiga embargo qo‘yilgan.
“Yangi chora-tadbirlar qo‘ng‘ir ko‘mir, toshko‘mir va Rossiya uchun muhim daromad manbai bo‘lgan mahsulotlar, xususan, yog‘och, sement, dengiz mahsulotlari hamda qora ikra importini taqiqlashni o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.
Sanksiyalar paketiga ko‘ra, moliya sektoriga tegishli yangi cheklovlar kuchga kiradi. Davlat mulki yoki davlat nazorati ostidagi Rossiya korxonalarini har qanday qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi. Rossiya fuqarolari yoki yuridik shaxslari endi Shveysariyada trastlarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi va ularga xizmat ko‘rsatish ham imkonsiz bo‘ladi.
Federal Kengash ushbu cheklovlarning kiritilishi bilan “Shveysariya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi yangi chora-tadbirlarining aksariyatini amalga oshirdi”, deb tushuntirdi. Gap Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiyalar paketi haqida bormoqda.
Belarusga nisbatan cheklovlarga kelsak, 27 aprel kuni Shveysariya ushbu mamlakatga banknotalar eksportini taqiqlashni uzaytirdi. Bundan buyon u nafaqat Shveysariya franki va yevroga, balki Yevropa Ittifoqining boshqa rasmiy valyutalariga ham tegishli.
Ma’lumot uchun, Shveysariya neytral maqomga ega bo‘lishiga qaramay, Rossiyaning Ukrainaga bosqini munosabati bilan e’lon qilingan G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalarida ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.
Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.
Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.
AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.
6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi.
7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.
LiveBarchasi