Shvetsiyada musulmonlar saylov arafasida radikal demokratlarga qarshi chiqmoqda
Olam
−
11:00 825 2 daqiqa
Shvetsiyada 2026 yilgi parlament saylovlari arafasida musulmon jamoalari mamlakatda kuchayib borayotgan o‘ta o‘ng qarashlarga qarshi jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shvetsiyadagi musulmonlar, xususan, ahmadiya musulmonlari jamoasi mamlakatda islom va muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat kuchayib borayotganidan xavotir bildirmoqda. Ular saylovlar oldidan o‘ta o‘ng kuchlarning ta’siri ortib borayotgan bir paytda jamoatchilik bilan ochiq muloqot qilishga urinmoqda.
Shu maqsadda imom Kashif Virk 2017 yilda “Musulmondan so‘rang” (Ask-a-Muslim) tashabbusini yo‘lga qo‘ygan. O‘nlab ko‘ngillilar ishtirokidagi ushbu loyiha mamlakatning 150 dan ortiq bozori, maydoni va shahar markazlarida o‘tkazilib, odamlarga islom dini haqida savol berish va noto‘g‘ri tasavvurlarni muhokama qilish imkonini bergan.
Virkning aytishicha, Shvetsiyada ayrim radikal siyosiy kuchlar faollashgani sababli odamlar islomdan chindan ham qo‘rqa boshlagan. Mamlakatda masjidlarga hujumlar va vandalizm holatlari ham kuzatilgan. 2023 yilda esa Qur’on nusxalarini yoqish yoki ularga zarar yetkazish bilan bog‘liq bir qator namoyishlar o‘tkazilgan.
Nashrning yozishicha, Shvetsiyadagi ayrim muhojirlar siyosiy bahslar ularning kundalik hayotiga ham ta’sir qilayotganini aytmoqda. Malmyo shahrida yashovchi 46 yoshli hamshiraning so‘zlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng kuchlar uning dini va hijobi haqida gapirganda, bu gaplar uning shaxsiyatiga qaratilgandek tuyuladi.
Maqolaga ko‘ra, o‘ta o‘ng “Shvetsiya demokratlari” partiyasining ta’siri so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan. Partiyaning migratsiya va jinoyatchilik masalalaridagi qarashlari mamlakat siyosiy kun tartibiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, Shvetsiya hukumati migratsiya qoidalarini yanada kuchaytirgan. Mamlakat boshpana so‘rovlari bo‘yicha kvotani qisqartirgan va ayrim muhojirlarning ixtiyoriy ravishda qaytishi uchun rag‘batlantirish choralarini joriy etgan.
Ma’lumot uchun, “Shvetsiya demokratlari” (Sweden Democrats, SD) – milliy-konservativ va o‘ng populist partiya bo‘lib, ko‘p xalqaro manbalar uni o‘ng qanotdan o‘ta o‘nggacha bo‘lgan partiya sifatida tasniflaydi. Partiyaning asosiy siyosiy masalalaridan biri – immigratsiyani keskin cheklash. Shuningdek, jinoyatchilik va integratsiya masalalarida qattiqqo‘l siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi.
Musulmonlar va muhojirlar orasida mamlakatdagi muhit tobora noqulaylashib borayotgani haqida xavotirlar kuchaymoqda. Ayrim faollar esa o‘ta o‘ng kuchlarning ta’siri davom etsa, bu Shvetsiyaning milliy qiyofasi va mamlakatdagi ozchiliklarga munosabatni uzoq muddatga o‘zgartirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Shvetsiyada musulmonlar aholining taxminan 8 foizini tashkil etadi. 2026 yilgi parlament saylovlari mamlakatda migratsiya, integratsiya va o‘ta o‘ng siyosiy kuchlarning kelajakdagi ta’siri masalalari bo‘yicha muhim qaror nuqtasi bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi