Shvetsiya va Finlyandiya Turkiya bilan NATOga qo‘shilish masalasini muhokama qiladi

Olam

image

Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiya o‘rtasida tashkil etilgan Doimiy Qo‘shma Mexanizmning birinchi yig‘ilishi joriy yilning 26 avgust kuni Finlyandiyada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Turkiya Prezidenti huzuridagi aloqa departamenti ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Turkiya delegatsiyasiga Prezident matbuot kotibi Ibrohim Kalin va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sedat O‘nal boshchilik qiladi.

Shuningdek, Turkiya delegatsiyasi tarkibiga Adliya, Mudofaa, Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy razvedka tashkiloti vakillari kirishi taxmin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken NATOga Shvetsiya va Finlyandiyaning alyansga qabul qilinishi bo‘yicha AQSH ratifikatsiya qilgan hujjatlarni topshirgan edi.

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing