Shvetsiya Rossiyani tiyib turish uchun chegaraga askar yubordi

Olam

image

Shvetsiya NATOning quruqlikdagi birinchi missiyasi doirasida Latviyadagi Rossiya bilan chegara hududiga xavfsizligini ta’minlash uchun 600 nafar harbiy xizmatchini jo‘natdi. Bu haqda shved podpolkovnigi Xenrik Rosdal SVT telekanaliga ma’lum qildi.

Bildirlishicha, qo‘shinlarning jo‘natilishi maxfiy tarzda dengiz orqali amalga oshirilgan. Olti oy davomida shved bataloni Latviya-Rossiya chegarasi xavfsizligini ta’minlaydi. Missiyaning asosiy maqsadi – Rossiyani jilovlash va NATO mamlakatlarining hududiy yaxlitligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlarning oldini olish.

Ma’lumot uchun, shved harbiylari oxirgi marta 1990 yillarda Yevropada tinchlikni saqlash missiyasida ishtirok etgan. O‘shanda ular Kosovodagi operatsiyalarga jalb qilingan edi. Keyinroq ular Mali va Afg‘onistondagi mojarolar hududiga yuborilgan. 

“Avvalgi operatsiyalarda biz tinchlik o‘rnatish bilan shug‘ullangan bo‘lsak, bu safar tinch mamlakatga yo‘l oldik va vazifamiz urushning oldini olish. Biz bu yerda (Latviyada) Rossiyani tiyib turish uchun turibmiz”, dedi Janubiy Skone polki P7 xodimi Markus Nilsson.

Qayd etish joiz, Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi fonida amalga oshdi. Kremlning agressiyasi Finlyandiyani ham alyansga qo‘shilishga undadi, bu esa NATOning Rossiya bilan chegarasini 1300 km ga oshirdi. Finlyandiya 2023 yilda, Shvetsiya esa 2024 yil bahorida rasman NATO a’zosi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov Rossiya Mudofaa vazirligi faoliyati kelgusi yillarda uchta omilni hisobga olgan holda tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, birinchi omil Ukrainadagi jangovar harakatlar, ikkinchi omil yaqin o‘n yillikda NATO bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik, uchinchi omil esa texnologiyalarni rivojlantirish.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shvetsiya askar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing