Shvetsiya Rossiya biqiniga kemalar va samolyotlarni yig‘ishni boshladi

Olam

image

Shvetsiya Finlyandiyaga Gripen qiruvchi samolyotlari va harbiy kemalarini yuboradi. Mamlakat harbiylari kamida 2026 yil oxirigacha Finlyandiya hududini himoya qilishda ishtirok etadi. Bu haqda Finlyandiya mudofaa kuchlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shvetsiya texnikasi havo kuzatuvini kuchaytiradi va Finlyandiya mudofaa kuchlariga yordam beradi. 

“Shvetsiya xavfsizlik vaziyati yomonlashgani munosabati bilan havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha Finlyandiyaning iltimosiga javob berdi”, deydi Shvetsiya Mudofaa vaziri Pol Yonson. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvga muvofiq, shved harbiylari zarur hollarda Finlyandiyaga o‘z hududiga qilingan hujumlarni qaytarishda yordam berishi mumkin. Stokgolm iqtisodiyot maktabi xodimi Mettyu Xeflerning aytishicha, rasmiylar shvedlarni Yevropaning jamoaviy xavfsizligida ishtirok etishga tayyorlamoqda.

Qayd etish joiz, Finlyandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo hududiga uchib kirayotgan dronlardan xavotirda. Ukraina Boltiq dengizidagi Rossiya portlariga hujumlarni kuchaytirmoqda, ammo ba’zi dronlar Rossiyadagi nishonlarga yetib bora olmayapti, bu esa qo‘shni mamlakatlarda xavfsizlikni kuchaytirishni talab qiladi. 

Joriy yilning 1 iyun kuni “Helsingin Sanomat” nashri Ukraina adashib Finlyandiya tomon dronlarni uchirgani haqida yozgan. Gazeta manbalarining aytishicha, Kiyev Xelsinkini ushbu xatolik haqida ogohlantirgan. Uusimaa viloyati aholisi boshpanalarga yashirinishiga to‘g‘ri kelgan, shuningdek, havo qatnovi ham to‘xtatilgan. Ko‘p o‘tmay Finlyandiya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari chegara xizmatiga dronlarga qarshi kurashish uchun uskunalar sotib olishga 44 million yevro ajratgan.

Ma’lumot uchun, 2023 va 2024 yillarda NATOga a’zo bo‘lgan Finlyandiya va Shvetsiya mudofaa sohasidagi hamkorlikni kuchaytirdi. Shvetsiyaning Saab kompaniyasi Finlyandiyadan RBS 70 NG zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha 126 million dollarlik buyurtma olganini ma’lum qildi. Finlyandiya va Shvetsiya mudofaa xarajatlarini oshirmoqda. 2026 yilda Finlyandiyaning harbiy xarajatlari YAIMning taxminan 2,5 foizini tashkil etadi, hukumat esa 2029 yilga kelib ularni YAIMning 3 foiziga yetkazmoqchi. Shvetsiya mudofaaga YAIMning taxminan 2,8 foizini sarflamoqda va 2030 yilga borib xarajatlarni 3,5 foizga yetkazmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb mamlakat hududiga yadroviy qurolni import qilishga ruxsat bergani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing