Shvetsiya Bosh vaziri Turkiyaning ayblovlarini rad etdi

Olam

image

Shvetsiya terrorchilarni qo‘llab-quvvatlamaydi va harbiy yordam bermaydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Magdalena Andersson Yevropa Kengashi Rahbari Sharl Mishel bilan uchrashuvi ortidan uyushtirilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biz terror tashkilotlariga pul jo‘natmayapmiz. Va tabiiyki, qurol yubormayapmiz” deydi Shvetsiya Bosh vaziri.

Andersson, Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalarining Anqaradagi muloqoti rasmiy Stokgolm turli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi “chalkashliklarni” hal qilish uchun imkoniyat yaratganini bildirdi. 

Shvetsiyalik diplomatlarning Anqarada Turkiyaning talablari yuzasidan muzokaralar olib borishini ta’kidlagan Andersson kelishuv shartlari qayta ko‘rilishini qo‘shimcha qildi.

“Tabiiyki, bandlarni ko‘zdan kechiramiz, ro‘yxatni muhokama qilamiz, matbuotdagi xabarlar yoki boshqa joyda chiqqan bayonotlar orasidagi aniq bo‘lmagan ba’zi normalarga oydinlik kiritamiz. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, qayerga moliyaviy yordam beramiz yoki qayerga qurol sotamiz...”, deydi Andersson.

Stokgolmdan keyin Finlyandiyaning poytaxti Xelsinkiga safar qiladigan Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Mishel, bu Shvetsiya uchun “hayotiy bir bosqich” ekanligini ta’kidlab, tashkilot mamlakatning tanlovlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Turkiyaning besh bandlik talablar ro‘yxati

Turkiya kecha, 25 may kuni Shvetsiyaga qo‘yilgan besh bandlik talablar ro‘yxatini e’lon qildi. Talablar quyidagilardan iborat:

•  terrorizmga siyosiy yordamni to‘xtatish;
•  terrorni moliyalash manbasini yo‘q qilish;
•  PKK/PYD'ga qurol qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish;
•  Turkiyaga qarshi embargo va sanksiyalarni bekor qilish;
•  terrorizmga qarshi global hamkorlik qilish.

Turkiya 2017 yildan beri Shvetsiyadan PKK/PYD va FETO a’zolarini ekstraditsiya qilish talablariga ijobiy javob olmaganini ma’lum qildi va Stokgolmni 2023 yilda PKK/PYD'ga 376 million dollarlik yordam ajratishga qaror qilganlikda aybladi. Anqara, shuningdek, Shvetsiya hukumatini PKK/PYD'ga harbiy texnika, xususan, tankga qarshi va dronlar bilan ta’minlaganlikda ayblamoqda.

Turkiya suriyalik kurdlardan tuzilgan PYD'ni PKK'ning Suriyadagi bo‘limi sifatida ko‘radi va uni terrorchi tashkilot deya tasniflaydi. AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari PKK'ni terror tashkiloti deb tan olishsa-da, PYD'i terrorchi deb bilmaydi.

Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde "Aftonbladet" gazetasiga bergan intervyusida, mamlakatini Suriya inqirozida gumanitar yordam ko‘rsatishda eng faol donor ekaniga to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha 25 may kuni Anqarada Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ibraxim Kalin Turkiya Anqara xavfsizlikka oid choralar ko‘rilmasa, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

 

Sevinch To‘xtaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

4

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing