Shuncha yil “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
03 noyabr 2021
6235Kecha, 2 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilgan daraxtlarning ko‘pi qurib ketganini, bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekish davlat siyosati darajasiga olib chiqilayotganini ta’kidladi.
Prezident raisligidagi yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.
“Shuncha yillarda “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi. Bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekishni davlat siyosati darajasiga ko‘tarayapmiz. Shuning uchun bu umummilliy loyihani puxta tayyorgarlik bilan, puli, egasi, sug‘orish tizimi bilan amalga oshirish kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, birinchi navbatda, mavjud va yangidan barpo etiladigan yashil maydonlarga tuman yoki shahar hokimining qarori bilan mas’ul belgilanadigan bo‘ldi. Ular daraxtlarni parvarishlash bilan birga, ushbu hududni obod saqlashga ham javob beradi.
Obodonlashtirish bo‘limlari maxsus texnika bilan ta’minlanadi, zarur joylarda sug‘orish tarmoqlari barpo etiladi. Ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalariga hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari mas’ul bo‘ladi.
Davlat rahbari ushbu savobli ishda har bir tashkilot, har bir fuqaro o‘z o‘rnini topishi kerakligini ta’kidladi.
Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar uy-joy mulkdorlariga yashil maydonlar barpo etish uchun biriktiriladi va u yerda qurilish qilishga ruxsat berilmaydi. Muassasalar hovlisi, mahallalar, yo‘l va dala chetlariga daraxtlar ekiladi.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga hokimlar bilan birga, har bir hududning iqlim sharoitiga mos ko‘chatlarni ko‘paytirish va yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun, qo‘mita huzurida “Yashil hudud” unitar korxonasi va har bir viloyatda uning filiallari tashkil etiladigan bo‘ldi.
Sohadagi ishlarda Ekologiya qo‘mitasining o‘rni ta’kidlanib, uning tuzilmasi, vakolat va vazifalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda sug‘orish tizimini yangilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hokimlarga irrigatsiya tarmoqlari qurish, quduqlar qazdirish va tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ko‘chatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini ko‘paytirish choralari ham belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.
LiveBarchasi