Shri-Lankadagi partiyalar yetakchilari Bosh vazirning ham “tagiga suv quymoqchi”

Olam

image

Shri-Lankadagi siyosiy partiyalar yetakchilari parlament spikeri Mahinda Yapa Abeivardena raisligida o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Bosh vazir Ranil Vikramasingxeni Prezident Gotabay Rajapaksaning vakolati tugaguniga qadar iste’foga chaqirishga kelishib oldi. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Shri-Lanka parlamenti deputati Matiaparanan Sumantiran ma’lum qildi. 

“Partiya yetakchilari Prezident iste’fosi oldidan Ranil Vikramasingxeni iste’foga chaqirishga qaror qilishdi”, deya deputatning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Newsfirst”. 

Oldinroq iste’foga chiqishni rejalashtirgan Rajapaksa parlament spikeriga 13 iyul kuni iste’foga chiqishi to‘g‘risida maktub yuborishini ma’lum qilgandi. U mamlakatda bo‘lmaganida, Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbarining vazifalari Bosh vazir Vikramasingxe zimmasiga yuklangan. 

Rajapaksa bugun harbiy samolyotda Shri-Lankadan qochib кетди va ayni vaqtda Maldiv orollarida qolmoqda.

Shri-Lankadagi vaziyat

Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.

Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.

Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.

Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.

Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Shri-Lanka

Baholaganlar

23

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing