“SHOVOTLANDIA” ishi: advokat tergov va sudning halolligiga shubha bildirdi

Tahlil

Toshkentning Chilonzor tumanidagi “SHOVOTLANDIA” kafesini yoqish va 5 kishining o‘limida aybdor deb topilgan R.Abdurahimov va F.Sayfiyevning oila a’zolari tomonidan kiritilgan apellyatsiya arizasiga ko‘ra, joriy yilning 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida apellyatsiya sudi boshlangani va sud majlisi ayblanuvchi R.Abdurahimovning sud bayonnomasini olmagani sababli noma’lum muddatga qoldirilgani haqida xabar bergan edik.

Joriy yilning 7 aprel kuni sud o‘z ishini boshladi. Sud majlisida QALAMPIR.UZ ijodiy jamoasi ham hozir bo‘ldi. 

Apellyatsiya sudini ko‘rgan sudyalar tarkibi o‘zgarmadi, raislik qiluvchi Rajabov, hay’at a’zosi Muso Yusupov va ma’ruzachi sudya G‘ofur Omonov ishtirokida navbatdagi sud majlisi boshlandi. Unda R.Abdurahimovning advokati Fazliddin Shermatov, F.Sayfiyevning himoyachisi Galina Davidova va jabrlanuvchi marhum Madina Bolbekovaning otasi Odil Gulmurodov ham qatnashdi.

Sud majlisida F.Sayfiyevning himoyachisi Galina Davidova so‘zga chiqib birinchi instansiyaning sud tergovi to‘liq bo‘lmagani, ish biryoqlama ko‘rilgan deb hisoblashini aytib, bir nechta e’tirozlarini bildirdi.

"Voqea sodir bo‘lgan kafe tergov xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Lekin, ayni shu jarayonlar tasvirga olingan birorta videoyozuvlar mavjud emas. Himoyam ostidagi F.Sayfiyevni yashash manzilidan olib ketishgan va u bunga hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan. U deyarli ikki kun davomida prokuraturada noqonuniy ravishda ushlab turilgan. Tushuntirish xati shaklidagi birlamchi hujjat, qonunni hurmat qilmasdan olingan. Birinchidan, ushbu tushuntirish xati qayerda va kim tomonidan olingani ko‘rsatilmagan. 

Ikkinchidan, bu jarayonlarning barchasi advokat ishtirokisiz bo‘lgan. 2021 yil 27 fevral soat 22:00 da tergovchi Rashidov, himoyam ostidagi F.Sh.Sayfiyevni gumonlanuvchi sifatida ushlab turish to‘g‘risida bayonnoma tuzadi. Ushbu bayonnomada qamoqqa olish joyi aniq ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, hibsga olish vaqtida guvohlar bo‘lmagan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 225- (ushlab turish bayonnomasini tuzish va ushlab turishning asosliligini tekshirish) moddasining buzilishi hisoblanadi.

Himoyam ostidagi shaxs F.Sayfiyevni R.Abdurahimov va "SHOVOTLANDIA" kafesining egasi Aziz Ahmedov bilan yuzlashtirish va boshqa tergov harakatlari videoyozuvga muhrlagan. Ammo ular ishga ilova qilinmagan. Sud majlisi davomida yuzlashtirish jarayonlarida olingan videoyozuvlarni taqdim etish so‘ralganda, flesh-disk texnik sabablarga ko‘ra yaroqsiz bo‘lib qolgani haqida aytishdi.

Ximoyam ostidagi F.Sayfiyev kafe egasining moliga zarar yetkazish maqsadida “SHOVOTLANDIA” kafesini yoqib yuborgan. Afsuski, kafe ichida bo‘lgan besh kishi halok bo‘lgan. Ma’lumki holat sodir bo‘lganidan so‘ng, ekspertiza o‘tkaziladi. Afsuski, sud “vafot etganlar tirikligida kuyganmi yoki o‘lganidan keyinmi?” deb savol bermadi. Birinchi instansiya sudida sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazgan ekspertga 50 ga yaqin savol berdim. Tekshiruvlar qonun normalari, metodologiya va o‘ziga xosliklarga zid ravishda o‘tkazilgan. Mutaxassislarning tavsiflangan belgilari gaz isitgichlarini noto‘g‘ri ishlatish natijasida odamlarning yopiq joylarda uglerod oksididan o‘limiga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, odamlar tirikligida vafot etgan va o‘limdan keyin yonib ketgani, 100 foiz aniqlanmagan. 

Shu bilan birga "SHOVOTLANDIA" kafesi direktori yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan. Afsuski, kafening texnika qoidalariga amal qilmagani, u yerda yong‘indan ogohlantiruvchi birorta qurilma mavjud emasligi haqida aytganimizga qaramay, sud ularning bu harakatlariga qonuniy baho bermadi.

Sayfiyevga qo‘yilgan moddalarda qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq ayblovlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Sudda va tergov jarayonida uning o‘ziga mutlaqo notanish 5 kishini qasddan o‘ldirganiga oid biron bir dalil tekshirilmagan. Ayblanuvchi marhumlarning birortasini tanimasdi va ko‘rmagan ham. F.Sayfiyev kafega A.Ahmedovning mol-mulkiga zarar yetkazish maqsadida borgani, shuningdek, u yerda odamlar borligini bilmasligi va ko‘rmaganini ham tushuntirdi. Bundan tashqari, Sayfiyev R.Abdurahimovning o‘t qo‘yish harakatlarida ishtirok etganligini tasdiqlovchi ko‘rsatma bermadi. Ya’ni, Sayfiyev o‘t qo‘yish niyati haqida [R.Abdurahimovga] hech narsa demagan va o‘z xohishiga ko‘ra mustaqil harakat qilgan.

Prokuror, Abdurahimov va Sayfiyevlarning bir necha yil oldin bir vaqtda jazo o‘taganini asos qilib olgan. Sudda birorta guvoh qasddan odam o‘ldirishda aybini tasdiqlovchi biror narsani bilaman, ko‘rganman yoki eshitganman, demagan. Olmazor tuman sudining raisi Z.Bobonov 5 kishining o‘lganini inobatga olib, dalil bo‘lmagan holda ikki nafar shaxsni to‘liq hukm qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 26-moddasi (Dalillarni bevosita va og‘zaki usulda tekshirish)da sud faqat sudda tekshirilgan dalillarni hisobga olishi kerakligi inobatga olinmaydi. Nima uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 23-moddasida nazarda tutilgan aybsizlik prezumpsiyasisi ishlamaydi? Nizo qo‘zg‘aluvchisi A.Ahmedov esa jazosiz ozodlikda yuribdi?!

Yuqoridagilardan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi tomonidan 2021 yil 21 dekabrda chiqarilgan hukm malakaviy, jazo tayinlash, moddiy da’volar bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilishi va o‘zgartirilishi kerak deb hisoblayman”, deydi F.Sayfiyevning himoyachisi Galina Davidova.


Sud majlisida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan marhum Madina Bolbekovaning otasi Odil Gulmurodov suddan adolat istab, hukm o‘z kuchida qolishini so‘radi.

“Bugungi kunda sudlar ochiq-oshkora, inson manfaatini ko‘zlagan holda o‘tkazilishi haqida gapirilyapti. Sudlanuvchi F.Sayfiyevning advokati himoyasi ostidagini "SHOVOTLANDIA" kafesining direktori Aziz ismli shaxsning mol-mulkiga zarar yetkazish maqsadida kafeni yoqqani va u kafe ichidagi 5 ta odamning joniga qasd qilish niyati bo‘lmagani haqida aytyapti. Lekin, u borib yoqqan va kafe ichidagi besh kishi yonib ketgan. Farzand dog‘ini hech kimga ko‘rsatmasin. Mulkiga zarar yetkazish maqsadida o‘t qo‘ygan bo‘lsa ham besh kishi yonib ketgan. Agar u yerda 30 kishi bo‘lganda nima bo‘lardi?

Men yengilroq jazo bering degan bo‘lardim, lekin 5-6 yilda qaytib kelib, yana kimgadir zarar yetkazmasligiga kim kafolat bera oladi? Advokat Davidova aytganidek, sud majlisida kafe egasining faoliyatiga e’tiroz bildirgandim. Chunki u texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagan. Kafeda yong‘indan ogohlantiruvchi signalizatsiya yoki boshqa qurilmalar bo‘lmagan. Bundan tashqari, u yerda ishlaydigan xodimlarning kafening o‘zida tunab qolishlariga ham ruxsat berilgan. Bu mumkin emas. Aziz direktor sifatida yuqoridagi kamchiliklarga javob berishi kerak. 

Inson manfaati hamma narsadan ustun. Men apellyatsiya ishi ko‘rilishiga qarshi emasman. Lekin, sud hukmi o‘z kuchida o‘zgartirishsiz qolishini so‘rayman”, deydi marhum Madina Bolbekovaning otasi.

“SHOVOTLANDIA” ishi
 
(21.12.2021 y. – Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi hukmi. Rais: Z.Bobonov)
Joriy yilning 27 fevral soat 03:51 da Chilonzor tumanida joylashgan “SHOVOTLANDIA” kafesida yong‘in sodir bo‘lgandi. Voqea joyiga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilib, soat 04:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va kafening tom qismi hamda ichki jihozlari, 150 kvadrat metr maydoni yonib, jiddiy zararlangan. Fojiada Javohir J. (1998 yilda tug‘ilgan), Xudoyshukur X. (1998 yilda tug‘ilgan), Bibijon A. (1961 yilda tug‘ilgan), Madina B. (1999 yilda tug‘ilgan) va Shohsanam A. (1996 yilda tug‘ilgan) halok bo‘lgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlarida binoga qasddan yong‘in yetkazgan shaxs joriy yilning 27 fevral kuni soat 03:30 larda Matiz avtomashinasida manzilga kelib, bino devorlariga o‘zi bilan olib kelgan shisha idishdagi suyuqlikni sepib, so‘ng yana bir idishdagi suyuqlikni bino ichkarisiga otgan va alanga chiqishini kuzatib, yong‘in sodir bo‘lganidan so‘ng, voqea joyini yashirincha tark etgani aniqlangan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Ushbu jinoyat muqaddam JKning uchta moddasi bilan sudlangan Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi S.F. tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, ushlangan.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosalariga ko‘ra, bino ichida uxlab yotgan 60 yoshli ayol, 23 yoshli ikki nafar yigit, 22 va 25 yoshli ikki nafar qiz is gazidan zaharlanish fonida tananing 100 foiz 3−4 darajali termik kuyishi oqibatida vafot etgan.

Sud hukmi bilan yong‘inga sababchi sifatida gumon qilingan 36 yoshli Rustam Abdurahimovga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish), 165-moddasining 1-qismi (tovlamachilik), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga JKning 59-moddasi 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 26 yoshli sudlanuvchi Fazliddin Sayfiyev Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismining “a, v, d, j, p” bandlari (Qasddan odam o‘ldirish), 173-moddasi 2-qismining “b, v” bandlarida (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Jinoyat kodeksi 59-moddasining 4-qismi tartibida tayinlangan yengilroq jazolarni umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan qoplash orqali uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing