Shovqin qilganlar uchun jarima keskin oshiriladi
Jamiyat
−
20:41 897 2 daqiqa
O‘zbekistonda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun jarima miqdori oshiriladi. Bu haqda joriy yilning 10 sentyabr kuni qabul qilingan “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonunga ko‘ra, bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga 3-5 BHM, mansabdor shaxslarga esa 15 BHMgacha jarima solinadi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192-moddasiga (maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha belgilangan me’yordan ortiq shovqin chiqarib, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunday huquqbuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravari miqdorida jarima solinadi.
Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, fuqarolarga 5-7 BHM, mansabdor shaxslarga esa 15-20 BHM miqdorida jarima belgilanadi.
Shuningdek, shovqinning belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan transport vositalari uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasiga (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarish ham huquqbuzarlik sifatida belgilanadi.
Qonunda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqin manbalari ham sanab o‘tilgan. Ular qatoriga uy-joylardagi maishiy faoliyat, qurilish ishlari va texnikasi, ishlab chiqarish korxonalari, transport vositalari, oilaviy tadbirlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar ob’ektlar hamda pirotexnikadan foydalanish natijasidagi shovqinlar kiritilgan.
Ko‘p qavatli uylarda va ularga tutash hududlarda qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari vaqtida me’yordan yuqori shovqin chiqaradigan manbalardan soat 09:00 dan 18:00 gacha foydalanish mumkin. Dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari esa bunday ishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunga ko‘ra, belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yo‘l qo‘yayotgan ob’ektlar faoliyati ham to‘xtatib turilishi mumkin. Bunday ob’ektlar faoliyati vakolatli davlat organi yoki Ichki ishlar vazirligi tomonidan 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga, 10 ish kunidan ortiq muddatga esa sud tartibida to‘xtatib turilishi mumkin.
Shuningdek, shovqinning zararli ta’siri natijasida yetkazilgan zarar uchun sud tartibida kompensatsiya undirish ham mumkin.
Hujjatga ko‘ra, qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha va dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi