Shomurodovga yuqori baho qo‘yildi

Sport

image

7 martga o‘tar kechasi Yevropa ligasi 1/8 finali doirasida Italiyaning “Roma” klubi o‘z uyida “Atletik”ni qabul qilib, o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning oxirgi soniyalarda urgan goli evaziga g‘alabani ilib ketdi. O‘yinda Shomurodovning xatti-harakatlari 7,3 ballga loyiq ko‘rildi. Bu haqda “SofaScore” xabar berdi.

Garchi Shomurodov 71-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan bo‘lsa ham uchrashuvning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Qizig‘i u maydonga tushiboq, sariq kartochka bilan ogohlantirildi, biroq shunday bo‘lsa ham 29 yoshli hujumchining goli rimliklarga qimmatli g‘alabani keltirdi.

20 daqiqa atrofida maydonga bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi 12 marta to‘pga tegindi. U 8 marta sheriklariga uzatma amalga oshirdi va paslardan 7 tasi aniq manziliga yetib bordi. Shomurodov to‘p uchun 3 marta kurash olib borib, bittasida g‘alaba qozondi. Raqib darvozasiga yo‘llagan 1 ta aniq zarbasi esa gol bilan yakunlandi. 

“Roma”-“Atletik” bahsining eng yaxshi futbolchisi sifatida mehmonlar a’zosi Inyaki Uilyams e’tirof etildi va uning o‘yini 7,8 ballga baholandi. “Roma” safida esa eng yuqori ballni Shomurodovning goliga assistentlik qilgan Salimakers qo‘lga kiritdi. Belgiyalik futbolchining o‘yini ham xuddi Uilyams kabi 7,8 ballga loyiq ko‘rildi.

Ma’lumot uchun, “Roma” va “Atletik” o‘rtasidagi javob o‘yini 14 martga o‘tar kechasi Ispaniyada, “San-Mames” stadionida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Roma Shomurodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing