Shomurodov Istanbulda qoladigan bo‘ldi
Sport
−
09:30 775 1 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov yana ikki mavsum Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubida faoliyat olib boradigan bo‘ldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Shomurodov avval ham “Istanbul Bashakshehir” safida ijara asosida to‘p surgan edi. Muvaffaqiyatli mavsumdan so‘ng turk klubi o‘zbekistonlik hujumchining transfer huquqini “Roma”dan to‘liq sotib olishga qaror qildi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma 2028 yilning yoziga qadar amal qiladi.
“Klub Eldor Shomurodovga to‘q sariq va binafsha rangli libosda yanada katta muvaffaqiyatlar tilaydi hamda ushbu hamkorlik ham jamoa, ham futbolchi uchun samarali bo‘lishiga umid bildiradi”, deyiladi “Bashakshehir” matbuot xizmati xabarda.
O‘tgan mavsumda Eldor Shomurodov “Istanbul Bashakshehir” safida barcha musobaqalarda 44 ta uchrashuvda ishtirok etib, 23 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi va Shomurodov Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi.
31 yoshli futbolchi 2026 yilgi Jahon chempionatida ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qildi. U turnirda bitta gol urdi va ushbu gol guruh bosqichining eng chiroyli goli deb e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shomurodovga Turkiyaning boshqa bir yetakchi klublaridan biri – “Fenerbahche” ham qiziqish bildirayotgandi.
Live
Barchasi