Shols va Si Szinpin Rossiyaning Ukrainadagi urushini muhokama qildi
Olam
−
04 noyabr 2022
5773Bugun, 4 noyabr kuni Germaniya Bosh vaziri Olaf Shols Xitoyga rasmiy tashrif bilan keladi. Shols pandemiya boshlanganidan beri ilk marta Xitoyga kelgan G7 (katta yettilik) yetakchisi bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.
Germaniya kansleri Xitoy Raisi Si Szinpin bilan uchrashgan. Muzokaralar chog‘ida, Si “o‘zgarish va notinchlik” davrida Germaniya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, davlat yetakchilari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy aloqalar to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazgan.
Ko‘plab tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Sholsning tashrifi bir-necha yillar davomida keskinlashib kelalayotgan G‘arb va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni sinovdan o‘tkazdi.
Germaniya kansleri Xitoy rahbariga dunyodagi taranglik vaziyatida o‘zaro uchrashib, gaplashganlari yaxshi bo‘lganini aytgan. Sholsning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukraina yerlariga bostirib kirishi ma’lum tartib-qoidalarga asoslangan dunyoda muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bosh vazir Si bilan muzokaralarda global ochlikka qarshi kurash to‘g‘risida ham so‘z ochgan.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunlangach, Si va Shols xorijiy davlat rahbarlari uchun ziyofat o‘tkaziladigan “Oltin xona”ning katta zalida birgalikda tushlik qilgan.
Qayd etilishicha, Shols boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Pekinga qo‘nishi bilan COVID-19 test topshirgan va kanslerning test natijalari salbiy chiqqan.
Ta’kidlanishicha, Xitoyning nol-COVID siyosati, ya’ni, mamlakatda virus xavfini maksimal darjada kamaytirish uchun joriy qilingan karantin qoidalari va G‘arb davlatlari bilan keskinlashib borayotgan aloqalar yirik davlatlar rahbarlarining Xitoyga tashrifini deyarli imkonsiz qilib qo‘ydi. Si Szinpinning o‘zi esa pandemiya davridan beri ilk bora joriy yilning sentyabr oyida Qozog‘istonga qisqa muddatli safar uyushtirdi. U Qozog‘istondan keyin rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi.