Shols Ukraina masalasida Trampga telefon qildi
Olam
−
20 dekabr
2829Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp kecha, 19 dekabr kuni Ukraina masalasida telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Germaniya federal hukumati xabar berdi.
Shols va Tramp suhbat chog‘ida Yevropadagi xavfsizlik siyosati muammolarini muhokama qilgan. Ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi juda uzoq davom etgani va imkon qadar tezroq adolatli va barqaror tinchlik yo‘liga kirish muhimligini ta’kidlagan. Kansler Ukrainani Rossiyaning urushidan mudofaa qilishda zarur bo‘lgan barcha yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan.
Germaniya kanslerining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtraytning ma’lumot berishicha, ikki davlat rasmiylari boshqa masalalarga to‘xtalmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2022 yil oxiridan buyon birinchi bor telefon orqali muloqot qilgani xabar qilingandi. Putin va Shols muloqotda Rossiya-Ukraina urushini muhokama qilgan. Suhbat davomida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashilgan. Vladimir Putin urushga sabab sifatida NATOning yillar davomida olib borgan agressiv siyosatini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, kelajakdagi kelishuvlar Rossiyaning xavfsizlik bo‘yicha manfaatlarini hisobga olishi, yangi hududiy realliklarga asoslanishi va urushga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etishi zarur.
Putin va Olaf Shols Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni ham muhokama qilgandi. Rossiya rahbari munosabatlarning barcha yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajada yomonlashganini qayd etgan va buni Germaniya hukumatining “nodo‘stona siyosati” oqibati deb atagan. Shu bilan birga, Moskva tomoni agar Germaniya tomonida qiziqish bo‘lsa, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan. Shuningdek, tomonlar Yaqin Sharqdagi mojaroni ham muhokama qilgandi.
LiveBarchasi