Shofirkonda mahalla raisligiga saylovlar “yeng ichida” bo‘lib o‘tdimi? (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Buxoro viloyatining Shofirkon tuman Jo‘yrabod mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan saylov jarayonining videolavhasi e’lon qilindi. Ushbu videolavhalarda mahalla oqsoqollari bilan kelishilgan holda saylovchilar ro‘yxati 350 kishidan tashkil topgani va ovoz berishga kelgan fuqarolar turli xil vajlar bilan qaytarib yuborilayotganini ko‘rish mumkin. Qolaversa, videoda bir necha fuqarolar “Bizning huquqlarimiz poymol etilyapti”, deganiga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin. Shu bilan birgalikda, videolavha mualliflari ushbu qonunbuzarlikni Ichki ishlar xodimlari ham jimgina kuzatayotganini aytgan. Aslida, holat qanday bo‘lgan edi? Voqea yuzasidan Shofirkon tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Bildirilishicha, mazkur holat tuman Saylov Komissiyasining Jo‘yrabod mahalla fuqarolar yig‘iniga mas’ul xodimi, kuzatuvchilar, mahalla fuqarolar yig‘ini ishchi guruhi hamda sanoq komissiyasi tomonidan batafsil o‘rganilib chiqilgan.

O‘rganish davomida mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raisi saylovida 335 nafar fuqaro (saylovchi) ro‘yxati shakllantirilgani, 400 nafar fuqaroning saylovda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilgani, nomzodlar bo‘yicha blyutenlar tayyorlangani, yopiq ovoz berish joylari, blyuten qutisi  shay holatga keltirib qo‘yilgani aniqlangan. 

“Iddaoda keltirilgan vajlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga asosan doimiy yashab kelayotgan shaxslar  va 18 yoshdan  oshgan fuqarolarning 12 foizi vakillik ro‘yxatlari shallantirilgan bo‘lib, saylov jarayonida o‘z nomzodlariga ovoz berish imkoniyatidan foydalangan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, saylov jarayonlariga hokimlik, Ichki ishlar organlari, Adliya hamda boshqa organlarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi, fuqarolar tomonidan kelib tushgan shikoyat, e’tirozlar bo‘lgan taqdirda “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasiga asosan sud tartibida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha murojaat qilish huquqi mavjud.

Ma’lumot uchun, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi. Aynan ushbu qonunning 7-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylashda fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2021 yilning 19 mart kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida saylov masalasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Prezident o‘z nutqida “Hokimlarni saylashga biz hozir tayyormizmi? Biz bitta mahalla raisini ham adolatli saylay olmaymiz-ku”, deya o‘rinli savolni qo‘ygan edi.

“Adolatli mahalla raisi saylovini o‘tkazishga harakat qilsak, to‘da-to‘da bo‘lib keladi, biznikini saylaymiz deydida, saylab yuboradi. Jamiyat tayyor bo‘lmagan muhitga saylovlarni qo‘yish xiyonat emasmi? Bu haqiqiy xiyonatning o‘zi”, deya aytgan Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Shofirkon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing