Shimoliy vokzaldan harakatlanadigan poyezdlar vaqtincha Janubiy vokzaldan qatnaydi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023 5242 2 daqiqa
Joriy yilning 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha “Toshkent-Markaziy” (Shimoliy) temir yo‘l vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar qatnovi “Toshkent-Janubiy” (Janubiy) temir yo‘l vokzalidan amalga oshiriladi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" Aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, “To‘qimachi” hamda “Toshkent-yo‘lovchi” temir yo‘l bekatlari oralig‘idagi temir yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari, “Sharq” (Toshkent – Buxoro – Toshkent), “Nasaf” (Toshkent – Qarshi – Toshkent), “O‘zbekiston” (Toshkent – Andijon – Toshkent) hamda xalqaro yo‘nalishlardagi Toshkent – Volgograd – Toshkent, Dushanbe – Toshkent – Dushanbe yo‘lovchi poyezdlari “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzali hududidan reyslarini amalga oshiradi.
“Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Toshkent-Markaziy” hamda “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tun-u kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin. “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzalidagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o‘tish punktlari doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” temir yo‘l vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib “Toshkent-Shimoliy” vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Rekonstruksiya ishlari amalga oshirilganidan keyin, mazkur hududdagi temir yo‘lda poyezdlarni o‘tkazuvchanligi yanada ortishi hamda yuk poyezdlarining to‘xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratilishi kutilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr