Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushiriladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
02 fevral 2023
9389Farg‘onadagi Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 1 fevral kuni Andijon shahrida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Afsuski o‘z vaqtida So‘xdagi yerosti gaz saqlash inshooti ayrim sabablar bilan yopib qo‘yilgan edi. Qirg‘izistondagi davlat tashrifi chog‘ida Sadir Japarov bilan bu masalada ham kelishib oldik. Yaqinda energetika vazirimiz Qirg‘izistonga borib, texnik tomonlarini kelishib keladi”, dedi Prezident.
Shuningdek, mazkur masala yuzasidan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lumot berib, inshoot ishga tushirilsa, vodiyni har kuni 13 mln kub metr gaz bilan ta’minlash imkoniyati yaratilishini aytdi.
“Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5-3 mlrd kub metr atrofida. Shundan 1,3 mlrd kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 mln kub metr gaz bilan ta’minlash imkoniyatimiz bo‘ladi. Mazkur inshootning asosiy gaz saqlash qismi Qirg‘iziston hududida joylashgan, kompressorlar esa O‘zbekiston hududida. Shu sababli inshootdan umumiy foydalanish borasida muzokaralar olib boriladi. Eng avvalo ishchi guruh barcha texnik va iqtisodiy tomonlarini batafsil o‘rganib chiqadi. Chunki inshootdan ancha yillardan buyon foydalanilmagan, hozirgi holatini yaxshilab o‘rganib chiqishimiz kerak. Shundan so‘ng shartlar kelishib olinadi. Balki bu ijara huquqi asosida bo‘lar, lekin hozircha biror fikr aytishga erta”, deydi energetika vaziri.
LiveBarchasi