Shimoliy Koreyada Rossiya uchun snaryad qolmadi – razvedka
Olam
−
17 noyabr 2025 4920 2 daqiqa
Shimoliy Koreya o‘z ittifoqchisi Rossiyaga artilleriya snaryadlari yuborishni keskin kamaytirdi. Bunga Shimoliy Koreya zaxiralarining “tagi ko‘rinib qolgani” sabab bo‘lgan. Bu haqda “RBC Ukraine” nashri xabar berdi.
Ukraina harbiy razvedkasi mulozimi Vadim Skibitskiyga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘q-dorilari 2024 yilda Rossiyaga front chizig‘i bo‘ylab shiddatli hujumlarni amalga oshirishga imkon bergan. Biroq joriy yilda yetkazib berish hajmi yarmidan ko‘proqqa kamaygan.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yildan buyon Pxenyan ittifoqchisiga taxminan 6,5 million dona artilleriya snaryadi yetkazib bergan. Ammo joriy yil sentyabr oyida Shimoliy Koreyadan umuman jo‘natma qayd etilmagan. Oktyabrda esa ta’minot qisman tiklangan. Mulozim, shuningdek, oxirgi partiyada yuborilgan o‘q-dorilarning taqriban yarmi eskirib ketgani bois Rossiya zavodlariga yuborishga to‘g‘ri kelganini qayd etgan.
Bundan tashqari, Skibitskiy Shimoliy Koreya FPV dronlari va o‘rta masofali uchuvchisiz uchish qurilmalarini ommaviy ishlab chiqara boshlaganini ta’kidlagan.
“Ular (koreyslar) urush tajribasini o‘rganib, shu asosda o‘z hududida ishlab chiqarishni kengaytirishga harakat qilmoqda”, deydi u.
Ammo bu hammasi emas. Rossiya “Shahed” dronlarini yig‘ish uchun Shimoliy Koreyadan 12 ming ishchi jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida ham xabarlar mavjud. Ular Tataristonda joylashgan korxonaga olib kelinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi va Ukraina Qurolli kuchlari o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tgan Kursk viloyatida Shimoliy Koreya sapyorlari minadan tozalash ishlarini boshlagandi.
Live
Barchasi