Shimoliy Koreya Janub bilan chegara yaqinida ballistik raketalar uchirdi
Olam
−
21:38 248 2 daqiqa
Shimoliy Koreya Vonsan hududidan mamlakatning sharqiy sohili yaqinidagi dengiz tomon bir nechta qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya Qo‘shma shtab boshliqlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Janubiy Koreya Qo‘shma shtab boshliqlari ma’lumotiga ko‘ra, raketalar mahalliy vaqt bilan bugun, 12 sentyabr kuni soat 05:20 atrofida uchirilgan. Ular taxminan 250 kilometr masofani bosib o‘tib, mamlakatning sharqiy sohili yaqinidagi dengizga yo‘nalgan.
Janubiy Koreya va AQSH rasmiylari raketalar uchirilganini dastlabki bosqichdanoq kuzatib borgan va olingan ma’lumotlarni o‘zaro almashgan. Ballistik raketalar haqidagi ma’lumotlar Yaponiya tomoniga ham yetkazilgan.
Ayni paytda Janubiy Koreya va AQSH rasmiylari raketalarning xususiyatlarini batafsil tahlil qilmoqda.
“Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya faoliyatini yaqindan kuzatib bormoqda hamda AQSH bilan birgalikdagi mudofaa tizimi doirasida har qanday provokatsiyaga keskin javob berish uchun zarur imkoniyat va tayyorgarlikni saqlab qolmoqda”, deyiladi Qo‘shma shtab boshliqlari bayonotida.
Raketalar uchirilganidan so‘ng Janubiy Koreya Prezidentining Milliy xavfsizlik boshqarmasi huzurida favqulodda xavfsizlik yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda Mudofaa vazirligi, Qo‘shma shtab boshliqlari va boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirok etgan.
Yig‘ilishda hukumatning javob choralari muhokama qilinib, raketalar uchirilishining Janubiy Koreya xavfsizligiga ta’siri baholangan hamda zarur choralar ko‘rib chiqilgan.
Janubiy Koreya Prezident ma’muriyati Pxenyanni ballistik raketalar uchirishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan. Ma’muriyat bunday harakatlarni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining jiddiy buzilishi deb baholagan.
AQSH harbiylari dastlabki baholashga ko‘ra, raketalar uchirilishi hozircha AQSH harbiylari, hududi yoki mintaqadagi ittifoqchilari uchun bevosita xavf tug‘dirmaganini bildirgan.
“AQSH o‘z hududi va mintaqadagi ittifoqchilarini himoya qilish majburiyatini saqlab qolad”, deyiladi qo‘mondonlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Live
Barchasi