Shimoliy Koreya Yapon dengiziga to‘rtta strategik raketa uchirdi

Olam

image

Kecha, 23 fevral kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon to‘rtta “Xvasal-2” strategik qanotli raketalarni uchirdi. Bu haqda mamlakat markaziy axborot agentligi ma’lum qildi.

“4 ta strategik qanotli raketa oval va sakkizsimon trayektoriya bo‘ylab 10 ming 224 soniya uchdi. Raketalar Koreyaning Sharqiy dengizi (Yapon dengizining KXDRdagi nomi) ustidan taxminan 2000 km masofani simulyatsiya qilib, nishonga tegdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, raketalar mamlakatning Shimoliy Hamgyon provinsiyasidagi Kimchxek shahri yaqinidagi bazadan uchirilgan.

Agentlikka ko‘ra, mashg‘ulotlar mamlakat yadroviy jangovar kuchlarini urushga kirishga doimiy tayyorgarligini namoyish etdi. Bu esa dushman kuchlarga qarshi halokatli yadroviy hujumni amalga oshirish qobiliyatini har tomonlama mustahkamlaydi.

Shundan so‘ng, ushbu uchirish fonida AQSH va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning yadroviy tahdidlariga qarshi birgalikda to‘xtatib turishni kuchaytirish uchun yaqin kelajakda qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazishga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Pxenyan “Xvason-15” qit’alararo ballistik raketasini uchirgan va u Shimoliy Xokkaydo orolidan 200 km g‘arbda joylashgan Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga kelib tushgandi. 

Keyinroq Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon ham bayonot berib, AQSH va Janubiy Koreyani ogohlantirgan hamda Pxenyan dushmanlarining har bir harakatini kuzatib borishi va har bir dushmanona harakatga o‘ta qat’iylik bilan javob berishini ta’kidlagandi. Shuningdek, 19 fevral kuni Yaponiya va AQSH qo‘shma havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.

Shundan so‘ng, BMT Xavfsizlik Kengashi Shimoliy Koreyaning so‘nggi raketa uchirishlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishini ma’lum qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing