Shimoliy Koreya Ukrainadagi urushga askar yuborganini rad etdi
Olam
−
22 Oktabr
3474Shimoliy Koreya o‘z askarlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga jo‘natgani haqidagi xabarlarni rad etib, bunday ma’lumotni “asossiz mish-mishlar” deb atadi. Bu haqda kecha, 21 oktyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi ishchi guruhi yig‘ilishida Shimoliy Koreyaning doimiy vakili Kim Song ma’lum qildi.
“Janubiy Koreya tomonidan qo‘yilgan ayblovlar KXDR obro‘siga hamda ikki suveren davlat o‘rtasidagi qonuniy va do‘stona munosabatlarga putur yetkazishga qaratilgan”, deydi u.
Diplomat o‘z mamlakatining Rossiya bilan Ukrainaga qurolli bosqinidan keyin mustahkamlangan munosabatlarini nazarda tutgan. Rossiya ham Shimoliy Koreya askarlarini Rossiya Federatsiyasi tomonidagi janglarda qatnashish uchun Ukrainaga yuborish haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan Rossiyaning Seuldagi elchisi Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik Janubiy Koreyaning xavfsizlik manfaatlariga zid emasligini ta’kidladi.
NATO ham, AQSH ham Shimoliy Koreya askarlarini Rossiyaga yuborish haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi, biroq bunday qadam mojaroning xavfli kuchayishini anglatishidan ogohlantirdi.
“Biz KXDR o‘z qo‘shinlarini yuborgani va Shimoliy Koreya askarlarini Rossiya tomonidagi janglarda qatnashish uchun Ukrainaga yuborishga tayyorligi haqidagi xabarlarni ko‘rdik. Agar tasdiqlansa, bu jiddiy tashvishning xavfli rivojlanishi bo‘ladi”, dedi AQSHning BMTdagi doimiy vakili Kevin Vud.
Janubiy Koreya razvedkasi 18 sentyabr kuni Rossiyaga 1500 nafar Shimoliy Koreya askari yuborilgani haqida xabar berib, bu askarlar ayni paytda Rossiyaning Uzoq Sharqida Ukrainadagi frontga borish uchun tayyorgarlikdan o‘tayotganini qo‘shimcha qildi.
Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi razvedka ma’lumotlariga tayanib, avvalroq KXDR Ukrainaga jami 12 ming askardan iborat to‘rtta brigadani, jumladan, maxsus kuchlar askarlarini jo‘natmoqchi ekanini xabar qilgan edi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Bryusseldagi Yevroittifoq sammiti chog‘ida shu haqda gapirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Germaniyaning “Bild” nashri Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, Shimoliy Koreya dunyodagi eng shafqatsiz bo‘linmalaridan biri sifatida hisoblanuvchi Koreya Xalq armiyasining G‘arbiy okrug maxsus bo‘linmasi jangchilarini Ukrainadagi urushga yuborganini xabar qilgandi. “Newsweek” jurnali esa Janubiy Koreya hukumati va harbiylari Ukrainaga shaxsiy tarkibni, jumladan Shimoliy Koreyaga qaratilgan razvedka xodimlari va Shimoliy Koreya taktikasi bo‘yicha mutaxassislarni “jo‘natish rejasini ko‘rib chiqayotgani”ni yozdi.
LiveBarchasi