Shimoliy Koreya Rossiyaga artilleriya snaryadlarini topshirdi – Seul
Olam
−
14 iyun
6344Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Rossiyaga ichida besh millionga yaqin artilleriya o‘qlari joylashgan konteynerlarni jo‘natdi. Bu haqda Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Shin Vonsik bugun, 14 iyun kuni “Bloomberg”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shin Vonsikning fikricha, Vladimir Putin Pxenyanga tashrifi chog‘ida Kim Chen In bilan KXDRdan Rossiyaga keyingi qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasini muhokama qiladi.
Rasmiy Seul Shimoliy Koreyadan Rossiyaga kamida 10 000 ta yuk konteynerlari olib ketilganini qayd etgan. Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti KXDRga yaqin kelajakda rejalashtirilgan tashrifi chog‘ida keyingi ta’minotni ham kelishib oladi.
“Putin Shimoliy Koreya bilan xavfsizlik sohasida, ayniqsa, Ukrainaga qarshi to‘qnashuvlarda g‘alaba qozonish imkoniyatidan foydalanish uchun zarur bo‘lgan harbiy ta’minot sohasida yaqinroq hamkorlik qilishga intilmoqda”, deya Janubiy Koreya Mudofaa vazirining so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Bloomberg” nashri.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, bunga javoban rasmiy Moskva Shimoliy Koreyaga bir nechta ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlarni, shuningdek, tank va harbiy samolyot kabi qurollarni joylashtirish rejasini amalga oshirishga yordam beruvchi bir nechta zamonaviy texnologiyani topshirgan.
Ma’lumot uchun, Putin Shimoliy Koreyaga avval bir marta – 2000 yilning 19-20 iyul kunlari tashrif buyurgan, o‘shanda u KXDRning avvalgi rahbari Kim Chen Ir bilan uchrashgan. Shimoliy Koreyaning amaldagi rahbari Kim Chen In oxirgi marta 2023 yilning 12-17 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiyaga kelgan, u Putin bilan “Vostochniy” kosmodromida uchrashgan.
LiveBarchasi