Shimoliy Koreya AQSHning Yaponiyadagi harbiy qo‘mondonligi kengaytirilishini tanqid qildi

Olam

image

Shimoliy Koreya AQSHning Yaponiyadagi harbiy qo‘mondonligi kengaytirilayotganini tanqid qilib, Koreya yarimorolida qurolli to‘qnashuv yuz berishi endi ehtimol emas, balki vaqt masalasi ekanini bildirdi. Bu haqda Shimoliy Koreya Davlat axborot agentligi (KCNA) kecha, 30 iyul kuni e’lon qilgan maqolasida so‘z boradi.

Maqolada AQSH Qurolli kuchlarining Yaponiyadagi qo‘mondonligi shtabi shaxsiy tarkibining ko‘paytirilishi uni to‘laqonli “urush qo‘mondonligi”ga aylantirayotgani ta’kidlangan. Shuningdek, Vashington Yaponiyaning O‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarini Osiyo–Tinch okeani mintaqasidagi ehtimoliy mojaroga tayyorlayotganlikda ayblangan.

Bu bayonot AQSH Qurolli kuchlarining Yaponiyadagi qo‘mondoni general-leytenant Stiven Jostning “Asahi” gazetasiga bergan intervyusidan keyin yangragan. Uning aytishicha, qo‘mondonlikning bosh shtabidagi shaxsiy tarkib so‘nggi bir yilda 215 nafarga ko‘paytirilib, qo‘mondonlik vazifalarini kuchaytirish va AQSH ittifoqchilari bilan muvofiqlashuvni yaxshilash maqsad qilingan.

KCNA so‘nggi vaqtlarda AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik mintaqadagi keskinlikni kuchaytirganini bildirgan. Agentlikka ko‘ra, Koreya yarimorolida mojaro yuz bersa, AQSHning Yaponiyadagi qo‘mondonligi u yerga birinchi bo‘lib yuboriladigan qo‘shimcha kuchlardan biri bo‘ladi.

Shuningdek, tahririy maqolada Vashington “harbiy avantyurizm”da ayblanib, aynan shu siyosat Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatini tiyib turish vositasi sifatida rivojlantirishini oqlashi aytilgan.

Bu KCNA tomonidan joriy oyda AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreyani tanqid qilgan to‘rtinchi maqola hisoblanadi. Shimoliy Koreya rasmiylari ham bir necha marta ushbu uch davlatning harbiy hamkorligi va Pxenyan “dushmanona siyosat” deb atayotgan harakatlarini qoralab chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning raketa dasturini modernizatsiya qilish va Janubiy Koreya bilan chegaradagi o‘t ochish qudratini kuchaytirish doirasida o‘tkazilgan muhim qurol-yarog‘ sinovlarini shaxsan kuzatgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing