Kurs UZS

USD

12 925.20

-11.96

EUR

13 982.48

45.28

RUB

152.58

-1.97

Shimoliy dengizda tanker va yuk kemasi to‘qnashib, yonib ketdi (video)

Olam

image

Shimoliy dengizda – Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida neft tankeri va yuk kemasi to‘qnashib, yong‘in kelib chiqdi. Hodisa oqibatida jami 32 kishi jabrlandi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, bugun, 10 mart kuni Buyuk Britaniya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Shimoliy dengizda tanker va yuk kemasi ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lganini xabar qilgan.

“Hozirda qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Sharqiy Yorkshir qirg‘oqlari yaqinida tanker va yuk kemasi to‘qnashgani haqidagi xabarlarga javoban favqulodda choralarni muvofiqlashtirmoqda”, deyiladi xabarda.

Voqea joyiga Xumbersayd qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining qutqaruv vertolyoti, shuningdek, to‘rtta shahardan qutqaruv qayiq va yong‘in o‘chirish imkoniyatiga ega yaqin atrofdagi kemalar yetib borgan.

Hodisa ishtirokchilari AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan Stena Immaculate neft tankeri va Portugaliya bayrog‘i ostida suzayotgan Solong konteyner kemasi ekani tasdiqlangan.

“Sky News” xabariga ko‘ra, Solong bugun ertalab Shotlandiyadan jo‘nab, Gollandiyaning Rotterdam shahriga borishi rejalashtirilgan.

“Kuzatuv tizimi tasvirlari shuni ko‘rsatadiki, neft tankeri harakatsiz bo‘lgan, Solong esa unga to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlangan. Gretsiyadan Buyuk Britaniyaga ketayotgan Stena Immaculate o‘sha paytda langar tushirgan”, deyiladi xabarda.

Hodisa joyidan olingan tasvirlarda kuchli tutun va olov aks etgan.

“Yaqin masofadan olingan tasvirlar Shimoliy dengizdagi to‘qnashuv joyida katta yong‘in sodir bo‘lganini ko‘rsatadi. Qalin qora tutun ustunlari aniq ko‘rinib turibdi”, deyiladi xabarda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida 32 kishi jabrlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli yadro reaktorida ishlovchi USS Harry S. Truman aviatashuvchisi O‘rtayer dengizida – Misr yaqinida “Beshiktash-M” savdo kemasi bilan to‘qnashgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy dengiz neft' tankeri yuk kemasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing