Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida uchta kema o‘qqa tutildi

Olam

image

Bugun, 11 mart kuni Hormuz bo‘g‘ozi hududida uchta fuqarolik kemasi o‘qqa tutildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tailand bayrog‘i ostida suzuvchi “Mayuree Naree” quruq yuk kemasida otishma oqibatida yong‘in yuzaga kelgan. Ekipajning 23 nafar a’zosi Ummon Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan evakuatsiya qilingan. Kema BAAning Xalifa portidan yo‘lga chiqqan bo‘lgan.

Shuningdek, Yaponiya bayrog‘i ostidagi “One Majesty” konteyner tashuvchisi ham o‘qqa tutilgan. Kema diametri 10 santimetrli tirqish olgan va yaqin atrofdagi xavfsiz portga qarab ketmoqda. Konteyner tashuvchi BAAning Ras-al-Xayma portidan yo‘lga chiqqan.

Marshall orollari bayrog‘i ostida suzuvchi yana bir quruq yuk kemasi – “Star Gwyneth” ham korpusidan shikastlangan. Kema ekipaji jabrlanmagan. Quruq yuk kemasi otishma sababli yo‘nalishini o‘zgartirgan-o‘zgartirmagani aniq emas.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) matbuot xizmati Eron Hormuz bo‘g‘ozini kesib o‘tishga harakat qilgan ikkita quruq yuk kemasiga zarba berganini e’lon qilgan. Ulardan biri – Liberiya bayrog‘i ostida suzuvchi, Isroilga tegishli “Express Rome” kemasi. Ikkinchisi – Tailandga tegishli “Mayuree Naree” konteyner tashuvchisi. IIQKning ma’lum qilishicha, har ikkala kema ham ogohlantirishlarga e’tibor bermagan.

Ma’lumot uchun, Hormuz bo‘g‘ozi orqali neftining asosiy qismi o‘tadi (jahon neft trafigining 20–25 foizi). AQSH va Isroil Eron hududiga zarbalar berishni boshlaganidan so‘ng Tehron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish yo‘lini yopishini ma’lum qildi. Ushbu harakatning to‘xtatilishi allaqachon neft narxining sakrashiga olib keldi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 mart kuni kechqurun Eron Hormuz bo‘g‘oziga minalar o‘rnatishga kirishgani haqida xabar berilgandi. Shundan ko‘p o‘tmay, Amerika qo‘mondonligi Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning bir nechta harbiy kemalarini, jumladan, mina yotqizuvchi kemalarni yo‘q qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

yuk kemasi Hormuz Mayuree Naree

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing