Shifokorning xatosi bilan komaga tushgan o‘zbekistonlik talaba vafot etdi
Jamiyat
−
15 noyabr 2019
7196Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining (RUDN) tibbiyot fakulteti talabasi o‘zbekistonlik O‘lmasxon Baxronov vafot etdi. O‘lmasxon galoperidol dori vositasi ukolidan keyin komaga tushganicha Moskvadagi 67-shifoxonada vafot etdi. Bu haqda Facebook’dagi O‘lmasxonning amakisi Farruxxon Shukurlayev o‘z sahifasida ma’lum qilgan.
22 yoshli O‘lmasxon 13 noyabrda soat 20:45da vafot etgan. Uning janozasi bugun, 15 noyabrda Samarqand viloyatining Samarqand tumani “Quyi Chordara” mahallasida bobosining uyida bo‘lib o‘tadi.
O‘lmasxon Baxronov noto‘g‘ri belgilangan dori vositasi sababli komaga tushgan. Yigit onasining ta’kidlashicha, shifokor O‘lmasxonni giyohvand modda qabul qilishda gumon qilib, unga galoperidol buyurgan. Vosita kiritilgandan keyin O‘lmasxonning yuragi to‘xtab qolgan.
Yigitning yuragini ishga tushirishga muvaffaq bo‘lingan, biroq bu orada uning miyasiga shikast yetgan va u 67-shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Yigitning yaqinlari bu holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazish talabi bilan Rossiya va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirliklari va bosh prokuraturalariga murojaat qilishgan.
LiveBarchasi