Shifokorlarga hujumlar ortidan klinikalarni qo‘riqlash kuchaytiriladi
Olam
−
18 iyul 2025 5371 2 daqiqa
Qozog‘istonda shifokorlarga hujum qilinishining oldini olish uchun shifoxonalarni qo‘riqlash kuchaytiriladi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarova o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Vazir tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor munosabatlarga chek qo‘yishga chaqirgan. Oxirgi paytlarda Qarag‘anda shahrida xususiy klinika hamshirasi va Kostanay viloyatida viloyat shifoxonasining urologiya bo‘limida ishlovchi yosh jarrohga qilingan hujum alohida e’tiborga molikligini aytib o‘tgan. Kostanaydagi voqea navbat kutishni istamagan bemor sabab yuz bergan. Bemor shifokorga jiddiy tan jarohati yetkazgan, oqibatda u hushini yo‘qotgan va hozirda og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotibdi.
“Har kuni inson hayotini saqlab qolish uchun kurashayotgan shifokorga qo‘l ko‘tarish uchun qanday darajadagi qattiq yuraklilik va tajovuz kerak? Bu mutlaqo aqlga sig‘maydigan holat. Bu jinoyatdir – o‘nlab bemorlar qabul qilinmayapti, o‘nlab operatsiyalar kechiktirilyapti. Bu butun tibbiyot tizimiga zarbadir”, degan Alnazarova.
Vazirga ko‘ra, shoshilinch yordam bo‘limlari avvaldan xavfli hududlar hisoblanadi, shuning uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda quyidagi choralarni ko‘radi:
Qabul bo‘limlari, bolalar shifoxonalari va perinatal markazlarda 24 soatlik qo‘riqlov postlari tashkil etiladi;
Barcha tibbiyot muassasalari videokuzatuv tizimlari, tugmacha signalizatsiya tizimi va boshqa xavfsizlik vositalari bilan jihozlanadi.
Alnazarovaning aytishicha, sentyabr oyida parlamentga sog‘liqni saqlash xodimlariga hujum qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi qonuniy o‘zgartishlar kiritiladi. Bunday harakatlar oddiy maishiy mojaro emas, balki jamiyat xavfsizligiga tahdid sifatida baholanishi lozim.
Vazir, shuningdek, aholida shifokor mehnatiga hurmat va minnatdorlik madaniyatini bolalikdan shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.
Vazirning bunday murojaatiga sabab 17 iyuldagi voqea bo‘lgan. O‘sha kuni bemor qabulini kutayotgan bir fuqaro operatsiyadan chiqqan jarrohni ko‘riboq unga hujum qilgan. Shifokor hushini yo‘qotgan va og‘ir ahvolda reanimatsiyaga tushgan. Ajablanarlisi shundaki, hujum qilgan fuqaro keyinchalik yana tibbiy yordamga murojaat qilgan, biroq operatsiyadan bosh tortgan.
Live
Barchasi