Shifokorlar tirik chaqaloqni morgga topshirib, uning o‘limiga sababchi bo‘ldi

3-sahifa

image

Qoraqalpog‘istonda tirik chaqalok yorib ko‘rildi va unda hayotiy belgilar aniqlanganiga qaramay, perinatal markazga berib yuborildi. Oqibatda chaqaloq vafot etdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi Matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Nukus shahrida yashovchi fuqaro N.Yu. o‘tgan yilning 14 fevralida qiz farzand ko‘rgan. Ertasiga soat 09:15 da Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markazi shifokorlari tomonidan ushbu chaqaloq o‘lganligi qayd etilib, soat 10:15 da patologiya byurosi xodimlariga berib yuborilgan. 

Patologiya byurosi xodimlari chaqaloqning ko‘krak qafasida anotomik kesma kesgan vaqtida unda hayotiy belgilar aniqlangan. Biroq unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmagan va perinatal markazi shifokorlariga berib yuborilgan. Oqibatda chaqaloq vafot etgan.

Ushbu holat yuzasidan Nukus shahar prokuraturasi tomonidan o‘tgan yilning 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishining dastlabki tergov harakatlari davomida tayinlangan komissiyaviy sud-tibbiyot ekspertizasining 2021 yil 26 oktyabrdagi xulosasida chaqaloq o‘limiga amaldagi standartlarga muvofiq reanimatsion yordam-o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi, surfaktant va lozim darajada qarov o‘tkazilmagani hamda patologo-anatomik tadqiqot maqsadida tirik chaqaloqda o‘tkazilgan anatomik kesma-jarohat sabab bo‘lgani, standartlarga muvofiq davo muolajalari o‘tkazilgan taqdirda chaqaloq hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy perinatal markazi chaqaloqlarning reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan A.D., Qoraqalpog‘iston Respublikasi perinatal markazi neonatolog shifokori bo‘lib ishlagan S.R. va  Qoraqalpog‘iston Respublikasi patologiya-anatomiya byurosi patologiya-anatom shifokori K.G.lar O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishiga jalb qilingan.

O‘tgan yilning 4 dekabr kuni jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishlar bo‘yicha Nukus shahar sudiga O‘zbekiston Respublikasi JPKning 388-moddasi muvofiq mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

479

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing