Shifokorlar Shohjahon Ergashevga sport bilan shug‘ullanishni taqiqlagan...mi?

Intervyu

image

Ijtimoiy tarmoqlarda professional bokschi Shohjahon Ergashevga shifokorlar sport bilan shug‘ullanishni taqiqlagani, u boshidan operatsiya qilingani haqida xabar tarqaldi. Ergashev bu gaplarga oydinlik kiritdi. 

“Ha, o‘z vaqtida shunday bo‘lgan. Ammo, bugungi kunga kelib barchasi joyiga tushgan. Bu bo‘yicha shifokorlar bilan muntazam gaplashib turaman. Sog‘liq bilan bog‘liq muammo yo‘q”, deydi Ergashev.

Bokschi o‘zi haqida tarqalayotgan gaplarga to‘xtalarkan, bunday mish-mishlarni yoyilishiga blogerlar sababchi bo‘layotganini aytdi. 

“Bilasizmi, hozir xalqqa noto‘g‘ri ma’lumot beradigan, ijtimoiy tarmoqlarda asossiz xabarlarni tarqatadigan blogerlar ko‘payib ketgan. Bunday holatlarga nisbatan salbiy fikrdaman. Inson haqida to‘g‘ri ma’lumotlar berish lozim. Ular o‘z manfaatini o‘ylab, biz sportchilarning mehnatini yo‘qqa chiqarmasligi lozim. Maqsadimiz vatanimiz bayrog‘ini yuqoriga ko‘tarishdir va biz ayni paytda ushbu burchimizni bajaryapmiz. Men ham yurtimizning nufuzini oshirish uchun ozgina bo‘lsada o‘z hissamni qo‘shishni istayman”. 

Suhbat davomida Shohjahon Ergashev kelgusi jangiga ham to‘xtaldi va yangi murabbiy bilan ishlayotganini qayd etdi. 

“Hozirda yangi murabbiy, afsonaviy Menni Pakyao bilan ishlagan Freddi Rouch bilan hamkorlik qila boshladim. Endi oson janglar bo‘lmaydi. Faqat kuchli bokschilarga qarshi ringga ko‘tarilaman. Buning uchun ko‘proq mashg‘ulotlar olib borishim kerak. Murabbiyni o‘zgartirishdan maqsad? Sportchi doimo yuksaklikka, yuqori natijalar sari intilishi lozim. O‘ylaymanki, yangi murabbiy bilan bundanda yaxshiroq natijaga erisha olaman. To‘g‘ri, bunda eng avvalo bokschining o‘ziga ko‘p narsa bog‘liq. Biroq, murabbiy sportchiga to‘g‘ri yo‘nalish berib turishi lozim”, deydi sportchi. 

Eslatib o‘tamiz, Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi joriy yilning 14 aprel kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev

Baholaganlar

94

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing