Shifokorlar koronavirusni yuqtirib olishdan qo‘rqmayaptimi? Reanimatolog Ahadjon Rizaqulov bilan suhbat

Intervyu

image
Pandemiya davrida oltin narxi ham oshadi – Zafar Hoshimov north_east

Pandemiya davrida oltin narxi ham oshadi – Zafar Hoshimov

“International Beverages Tashkent” SSVga 2,5 mlrd so‘mlik xayriya qildi north_east

“International Beverages Tashkent” SSVga 2,5 mlrd so‘mlik xayriya qildi

Putin: “G‘alaba paradi qoldirildi” north_east

Putin: “G‘alaba paradi qoldirildi”

Koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Shuning barobarida kasallikdan forig‘ bo‘lganlar safi ham kengaymoqda. Bunda avvalo shifokorlarning hissasi juda katta. Xabaringiz bor, koronavirus dardiga chalingan bir necha bemorga yordam bergan shifokorlar vaqtinchalik dam olishga, karantin hududiga joylashtirilgan edi. QALAMPIR.UZ og‘ir holatdagi bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatgan, jonlantirish bo‘limi shifokorlaridan biri bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshimiz 61 yoshli oliy toifali anesteziolog, reanimatolog Ahadjon Rizaqulov bo‘ldi. 

— Aytingchi, reanimatsiyaga tushgan bemorlarda qanday holatlar kuzatilmoqda? 

— Bu virusning og‘ir ta’sirida nafas yo‘llariga zarar yetadi. Respirator tizimdagi hujayralarga virus yopishadi. Bunday hujayralarda shu virusga moyillik bor. O‘pkaning ichida alveola degan nafas pufakchalari mavjud. Alveolalarda kislorod va karbonad angidrid gazlari almashishi sodir bo‘ladi. Virus alveolaga tushgan vaqtida gaz almashishni buza boshlaydi. Natijada bemorda nafas yetishmovchiligi kuzatilib, qonning kislorodga to‘yinishi buziladi. Bu degani sirkulyator gipoksiya holati vujudga keladi. Shu sababli kasallik og‘irlashishi yuz beradi. Asosiy mexanizm shu bo‘lib, eng yomon asorati shunda ko‘zga tashlanadi.

Sirkulyator gipoksiya – qonda kislorod kamligi bois organizm bo‘ylab kislorod taqchilligi paydo bo‘ladi”.

— Bemorlar bunday og‘ir holatga tushib qolsa, qanday yordam berilmoqda?      

— Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan joriy yil mart oyida bu kasallikning davolash Dasturi ishlab chiqilgan. Biz shu dastur asosida ish olib boryapmiz. Aytishim mumkinki, dastur bo‘yicha ishlab, yomon bo‘lmadik. 

— Dastur o‘zini oqlayaptimi?

—  To‘liqligicha oqlayapti, deyish mumkin. Bitta o‘sha vafot etgan bemorni aytmaganda, qolgan barcha bemorlarni shu dastur asosida kasallikdan chiqarib oldik. Vafot etgan bemor ham o‘z vaqtida xabar qilmagani sababli yordam bera olmay qoldik. 

Shuningdek, bir narsani aytish mumkinki, bu virusga qarshi odamlarda spetsifik (maxsus) immunitet mavjud emas. Lekin, umumiy immuniteti yaxshi odamlarda bu kasallik yengil kechmoqda. “Bolalarda, yoshlarda bu yengil o‘tadi” degan gaplar ham tarqaldi. Bu ularda immunitet kuchli bo‘lgani sababli deyish mumkin. Ularda kasallik og‘ir asoratlarga olib kelmayapti. Yengil va o‘rta darajada o‘tib ketmoqda. Men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib, ishonch hosil qildim. Haqiqatda, agar yoshlarning o‘zlarida hamroh kasalliklari, masalan yurak-qon tomir, nafas olish tizimida kasalliklar bo‘lmasa, ularda yengil o‘tib ketmoqda. Qachonki yoshlarda hamroh kasalliklar bo‘lsa, ularning ichida ham og‘ir kechgan holatlar bo‘ldi. Lekin ko‘plari yaxshi bo‘lib ketmoqda. 

— Kasallangan bemorlarning necha nafari jonlantirish bo‘limiga tushmoqda? Buning miqdori bormi? 

— Qo‘limda buning aniq hisob-kitobi yo‘q. Taxminan aytishim mumkin, 5 foizlarga borsa kerak. Bizning ishimiz davolash bo‘lgani uchun bu bo‘yicha aniq ma’lumot bera olmayman. Menimcha, 5 foizlar chiqadi.

— Dubaydan kelgan bir bemor bilan gaplashganimizda juda oddiy o‘tgani, gripp kabi o‘tkazgani haqida aytdi. Bunga nima deysiz?

— Ha, xuddi shunday. Lekin bu kasallikning yomon tarafi – grippga nisbatan yuqish darajasi kuchliroqdir. Yangi virus bo‘lgani uchun tarqalish oson va asoratlari ham grippga nisbatan ko‘proq deyish mumkin. Eng yomon darajasi bu – pnevmoniyaga olib kelishidir. Bunda ham birdaniga pnevmoniyaning og‘ir, ya’ni virusli turiga olib kelmoqda. Shuning uchun buning atrofida gaplar ko‘payib ketyapti. Nega deganda, bemor holati og‘irlashib qolsa, unga faqat reanimatsiya holatida yordam berish mumkin. Xudoga shukr, davlatimiz tomonidan yetarli jihozlar oldindan olib kelib qo‘yilgani sababli qiynalmayapmiz. 

— Bu holatda birinchi o‘rinda sun’iy nafas berish moslamalariga ehtiyoj seziladi. Ular bizda qancha miqdorda?

— Yetarli miqdorda bor. Bizning jonlantirish bo‘limimizda 2-3 tasini ishlatgan bo‘lsak, undan tashqari yana 7 ta apparatni ishlatmadik. Barcha jihozlarni birinchi kunning o‘zidayoq olib kelish boshlandi. 

— Bemorlarning ovqatlanish ratsioni ham boshqalardan farq qiladimi? 

— Og‘ir darajadagi bemorlarda ichak faoliyati ham buzilishi kuzatilgani sababli, yengilroq hazm qiladigan ovqatlar beryapmiz. Bunday rejimni 2-stol deymiz. Bemor tuzalib holati yaxshilanganidan so‘ngina 15-stolga, ya’ni oddiy ovqatlanish rejimiga o‘tiladi. Bu bemorlarga unchalik katta parhez qilish kerak emas. Juda og‘ir, intoksikatsiya holatlarida yengilroq ovqatlar beramiz. 

— Kasallikni yuqtirib olishdan qo‘rqmadingizmi?

— Biz shifokorlar ham oddiy insonmiz. Biz himoyalangan holatda ular bilan kontaktda bo‘lamiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan barcha ko‘rsatmalarga rioya qilinsa, hech qanday yuqish holati bo‘lmaydi. Qo‘l yuvish, niqob taqish va boshqa ko‘rsatmalarni bajarsangiz, kasallik oldi olinadi. Xavotir har qanday insonda bo‘ladi. Bilmay biror narsa qilib qo‘ydimmi degan gumonlar ham bo‘lib turadi. Odam o‘zini 100 foiz nazorat qila olmaydi-ku, axir. Shoshilinch bo‘lib qolgan vaziyatlarda bilmasdan, qo‘lni yuvmay bironta harakat qilib qo‘yish mumkin. Shulardan qo‘rqib ko‘nglingizda baribir xavotir bo‘ladi. Umuman olganda, doimo himoyalangan holda ish olib bordik. O‘zimizni individual himoyalash choralari bo‘yicha barcha vositalar ta’minlandi. Maxsus kiyimlar, niqoblar yetarli holda bo‘ldi. 

— Dunyoning turli mintaqalarida, xususan Yevropada shifokorlar tomonidan ish tashlashlar kuzatilmoqda. Bizning shifokorlar orasida ham shunday qarshilik ko‘rsatganlar bo‘ldimi?

— Yo‘q, bizda aksincha holat. Borib ishlaymiz deb kelish istagini bildirganlarning arizalari juda ko‘payib ketdi. Chunki vaziyatni hamma tushunib turibdi. Shu kungacha birorta shifokor “men ishlamayman” deb qochganini ko‘rganimiz yo‘q. Bizga mana hozir 14 kun karantin muddati berildi. Bu davr ichida tozalanib, tashqariga chiqamiz va ozroq dam olib yana ishga tayyor bo‘lamiz. Bitta men emas, yonimdagi barcha yigitlar yana ma’lum vaqt o‘tib, ishga qaytishga tayyor. Faqat toza chiqsak, bir marta uyga borib kelsak bo‘ldi. Endi hamma ham uyni sog‘inadi. Xudo xohlasa, bizda bunday paytda bosh tortadiganlar chiqmaydi. Biz o‘zbeklar, bunday millat emasmiz.  

— Koronavirusni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shifokor sifatida xalqimizga yuzlanib nima deysiz?

— Hech qachon kasal bo‘lishmasin. Kasalliklardan yiroq yurishsin. Xalqimizdan iltimosim shuki, mutasaddilar, ommaviy axborot vositalari olib borayotgan targ‘ibotlar bo‘yicha ish yuritishsin. Barcha qonun-qoidalarga amal qilib, o‘zini asrab, aytilayotgan ko‘rsatmalarga to‘la rioya qilishsin. Shunda bu baloni to‘xtatamiz. Hamma holatni yaxshi tushunib turibdi. Hamma bu balo tez orada o‘tib ketishi tarafdori, menimcha.                        
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

269

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing