Shifokorlar changli havodan himoyalanish uchun 10 ta tavsiya berdi

Salomatlik

image

Kecha, 4 noyabr o‘zbekistonliklar uchun chang bo‘roni bilan esda qoldi. Mana deyarli bir kun ham o‘tdikki, hamon poytaxt chang va qumli tuman ichida qolgan. Hattoki, AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.

Bunday sharoitda har qanday sog‘lom odam ham o‘zini noqulay his qiladi, nafas olishga qiynaladi. Allergik kasalligi bor bemorlar juda qiyin holatda qoladi.

Statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bir kunning o‘zida "Tez yordam" xizmatiga bo‘lgan ja’mi chaqiriqlar soni 4082 taga yetgan. 678 kishi nafas qisishidan shikoyat qilgan.

Shifokorlar changli havodan himoyalanish uchun o‘nta muhim tavsiyani berishmoqda. Bular:

•  Xona yoki inshootlarning pol va tokchalari, ular ichidagi buyum hamda ashyolarni nam latta bilan tozalab turing. Uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, nam sochiqlarni osib qo‘ying. Bunday vaziyatda konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.

•  Derazalarni yopiq holda saqlang. Ayniqsa kechasi va erta tongda eshik va oynalarni zichlab yoping!

•  Ko‘proq suv iching!

•  Ochiq havoda harakat qilishni cheklang!

•  Tez-tez dush qabul qiling! Ayniqsa, tashqaridan uyga kirgach, bu jarayon nafas olishingizni yengillashtiradi. 

•  Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib tashlang!

•  Nafas olish tizimi kasalliklariga chalinganlar tibbiy niqobdan foydalashlari va ularni har 2 soatda almashtirishlari zarur!

•  Ko‘zlarni yuvish tavsiya etiladi. Ayniqsa, linzadan foydalanuvchilar uchun bu juda muhim.

•  Tutunga to‘la xonalarda chekish xavfli. Chunki ifloslangan ob-havo hisobiga salomatligimizga yetadigan ziyon bir necha barobar oshib ketadi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori me’yordagidan 30 barobargacha ortgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

369

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing