Sherzodxon Qudratxo‘ja Lavrov Saidovning yelkasiga qo‘lini qo‘yganiga e’tiroz bildirdi (video)
Jamiyat
−
24 aprel 49878 4 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 22-23 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. U Samarqandda O‘zbekiston rahbariyati bilan uchrashdi. Biroq Lavrov tashrifning madaniy qismi doirasida hamda tashrif yakuni bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida aytgan gaplari o‘zbek jamoatchiligining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, Samarqand xalqaro aeroportida Rossiya Tashqi ishlar vazirini kutib olish jarayonidagi holat ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Sergey Lavrov 22 aprel kuni kechqurun uni kutib olishga chiqqan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan quchoqlashib ko‘rishishni istamadi. Ijtiomiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan videoda Saidov quchoq ochganida Lavrov uning yelkasiga qo‘l qo‘yib, uni o‘ziga yaqinlashtirmaslikka harakat qilganini ko‘rish mumkin.
Rossiya bosh diplomatining bunday harakatlariga O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja e’tiroz bildirdi.
“O‘ylab ko‘rsak, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri kelib, o‘ziga teng Tashqi ishlar vazirining quchog‘ini qabul qilmasdan, o‘nlab kameralar ko‘z o‘ngida uning yelkasiga bemalol panjasini qo‘yib javob qaytarishi — bu diplomatik protokol qoidalariga zid ekanini yaxshi bilishi kerak. Biz endi dominantlikni (ya’niki ustuvorlikni) shu yo‘l ila namoyon qilmoqchi ekanini qabul qilmaymiz va buni noverbal uslub orqali namoyish etmoqchi bo‘lganligini anglaymiz. Biz nozik Sharq odamlarimiz, janob Lavrov qarib qolib buni tushunmasa iste’foga chiqsin!” deydi Qo‘dratxo‘ja.
Shuningdek, u o‘z paytlarida SSSR TIV rahbari Andrey Andreyevich Gromiko bunday “choyxonacha og‘aynigarchilik”ni O‘zSSR TIV rahbari Rafiq Nishonovga nisbatan ep ko‘rmaganini yozgan.
“O‘sha marhum Rafiq Nishonovning shogirdi bo‘lmish Lavrov nega endi kim bo‘lishidan qat’i nazar, biz teng ichida teng davlatning rasmiysiga nisbatan bunday hurmatsizlikni namoyon etmoqda? Sen kimsan o‘zi? Sen kimsanki, Amir Temur va undan ham oldin o‘nlab buyuklar asos solgan 3,5 ming yillik tarix va davlatchilikka ega davlatda o‘zingni shunday betarbiya tutasan? Axir mustaqil O‘zbekistonning 40 million aholisi bor, biz o‘zgalardan kam emasmiz! Biz mustaqil davlatmiz! Olg‘a O‘zbekiston!
O‘zga hududga o‘z qoidalari (V chujoy monastir so svoim ustavom ne lezut) bilan kirmang, deyman jo‘ralar…!!!” deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Shu bilan birga, rektor Rossiya Tashqi ishlar vaziri Samarqand shahridagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘lganiga ham e’tiroz bildirdi.
“Har bir mamlakat o‘zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o‘zi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz! Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba’zi masalalar bo‘yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o‘rganishlari kerak, shekilli.
Xususan, nega bizning Rossiyadagi migrantlar diskriminatsiya qilinadi? Nimaga ularga nisbatan mahalliy hokimiyat, migratsion xizmatlar yoki politsiya tomonidan oddiy inson huquqlarini poymol qiluvchi holatlar qo‘llanilsa, Rossiya jamoatchiligi va davlat rasmiylari jim turadi?
Sergey Lavrov kelib bizga “ona timsoli — muqaddas” ekanini tushuntirmoqchi ekan, oddiy bir yozuvni bor yo‘qligiga diqqat qaratarkan, biz ham unga “inson huquqlari ham muqaddas” ekanini diqqat e’tiboriga solishimiz va eslatishimiz kerak”, deydi u.
Bundan tashqari, Lavrov Rossiya davlatlarning ichki ishlariga aralashishga qarshi ekanini ta’kidlab, keyin esa o‘z gapiga o‘zi qarshi chiqqandek, G‘arbning Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlik sohalariga e’tiroz bildirgandi. Qudratxo‘ja uning bu gapiga ham javob qaytardi.
“Lavrov O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining hamkorligi to‘g‘risida ham gapiribdi. Kim bilan qanday aloqalar o‘rnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning o‘zi hal qiladi! O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan ham o‘zaro aloqalar darajasini O‘zbekistonning o‘zi belgilaydi. Bu davlatimizning tashqi siyosati ko‘p vektorlik ekanligini ko‘rsatadi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. Kecha, 23 aprel kuni u Samarqand shahridagi “Motamsaro ona“ haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holatga munosabat bildirib, rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rayotganini aytdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Lavrovning taklifini “Moskvadagi Qizil maydonga o‘zbekcha yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rish mumkin”ligini bildirdi.
Live
Barchasi