Shermatovning TikTok bilan muzokarasi ortidan blokdagi platformalar VPN'siz ishlab qoldi
Texnologiya
−
17 mart 2022
6096Kecha, 16 mart kuni O‘zbekistonda o‘tgan yilda bloklangan Twitter va TikTok kun davomida bir muddat VPN'siz ishladi. Lekin xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, kechaning o‘zida bu platformalarga kirish yana cheklandi.
Keyinroq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov TikTok vitse-prezidenti Teo Bertram bilan muzokara o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, TikTok hozirda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shu sabab, kompaniya vakillari O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekistonda platformadan foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini bajarish masalalari ham muhokama qilingan.
Kompaniya vakillari platforma orqali tarqaladigan har-xil O‘zbekiston qonunlariga zid materiallar tarqalishining oldini olish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirishgan.
Shu bilan birga, AKT vazirligi tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida, kompaniya vakillariga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha takliflar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zkomnazorat” o‘tgan yilning 2 iyulidan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygan edi. Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani vaj qilib ko‘rsatilgan. Biroq, kecha, 16 mart kuni Twitter va TikTok kun davomida VPN'siz ishladi. Lekin xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi, kechaning o‘zida bu platformalarga kirish yana cheklandi.
LiveBarchasi