“International Beverages Tashkent” SSVga 2,5 mlrd so‘mlik xayriya qildi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
5350“International Beverages Tashkent” MCHJ qo‘shma korxonasi xayriya loyihasi doirasida Belgiyada ishlab chiqarilgan jami 1,6 milliard so‘mlik “Caelus Lite” ekspert toifasidagi narkoz-nafas olish apparatlarini Sog‘liqni saqlash vazirligiga bepul taqdim etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ga kompaniya ma’lum qildi.
Narkoz-nafas olish apparatlari COVID-19 koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan bemorlarni davolash uchun taqdim etilgan.
Bundan tashqari, kompaniya 300 million so‘m mablag‘ni “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazdi hamda kam ta’minlangan oilalarga yordam berish fondlariga va boshqa xayriya loyihalariga 600 million so‘m mablag‘ yubordi. Shunday qilib, xayriyaning umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mni tashkil etdi.
“Biz dunyodagi vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qildik va mamlakatda kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pandemiyaning oqibatlarini oldindan taxmin qilishga harakat qildik. Birinchi navbatda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan bog‘landik va ular bilan maslahatlashgan holda ushbu apparatlarni sotib olish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Umid qilamizki, narkoz-nafas olish apparatlari koronavirusga chalingan ahvoli og‘ir bemorlar tezroq sog‘ayishida ko‘maklashadi va shifokorlarimiz ishida samarali xizmat qiladi!”, deydi “International Beverages Tashkent” direktori Muzaffar Salijanov.
Ma’lumot uchun, shirin salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi “International Beverages Tashkent” MCHJ QK PepsiCo kompaniyasining O‘zbekistondagi yagona bottleri hisoblanadi.
“Medec Caelus” narkoz-nafas olish apparatlari “MEDEC” kompaniyasining anesteziologiya ish stansiyalari sohasidagi 40 yillik tajribasi natijasidir. Ushbu qurilmaning asosiy vazifasi — anesteziologiya bo‘lib, ayni paytda to‘la to‘kis o‘pkaning sun’iy shamollatish vazifasini ham bajaradi.
LiveBarchasi