Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati tuzildi
Jamiyat
−
21 dekabr 2019
4702Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxatini, shuningdek fuqarolarning tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibini belgilash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Hujjatga muvofiq, qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati tuziladi.
Umumiy tibbiy moneliklar:
1. Funksional faoliyatining buzilishi bilan kechuvchi a’zolarning tug‘ma nuqsonlari.
2. Funksional buzilishlar turg‘un ifodalangan markaziy asab tizimining organik kasalliklari.
3. Surunkali ruhiy xastaliklar va psixo-nevrologik dispanserlarda albatta majburiy dinamik kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shu kasalliklarga teng bo‘ladigan holatlar, paroksizmal o‘zgarishlar bilan kechuvchi epilepsiya. Oraliq ruhiy kasalliklar yaqqol ifodalangan holatlarda tegishli ishlarga yaroqlilik masalasi psixo-nevrologik dispanserining komissiyasi tomonidan individual ravishda hal qilinadi.
4. Yaqqol ifodalangan o‘zgarishlar bilan kechuvchi endokrin tizimining kasalliklari.
5. Xavfli o‘smalar (davolangandan keyin mutlaq moneliklar bo‘lmagan hollarda masala individual hal qilinishi mumkin).
6. Qon tizimining barcha kasalliklari (hamma bosqichlarida) (jumladan qon yaratuvchi tizimning kasalliklari).
7. Gipertoniya kasalligining III bosqichi.
8. Qon aylanishi yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak kasalliklari.
9. Yaqqol ifodalangan o‘pka-yurak yetishmovchiligi bilan asoratlangan o‘pkaning surunkali kasalliklari.
10. Nafas va qon aylanishining yaqqol ifodalangan funksional buzilishlari bilan kechuvchi bronxial astmaning og‘ir turi.
11. Tuberkulyozning har qanday joylashgan faol turlari.
12. Surunkali tez-tez qaytalanadigan va asoratlanishga moyil me’da va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi.
13. Jigar sirrozi va faol gepatitlar.
14. Buyrak yetishmovchiligi bilan asoratlangan surunkali buyrak kasalliklari.
15. Kollagenozlar.
16. Kasbi bo‘yicha ish bajarishga xalaqit beruvchi turg‘un buzilishlari bo‘lgan bo‘g‘im kasalliklari.
17. Homiladorlik va sut ajralish davri.
18. Farzand ko‘rish istagi bo‘lgan ayollarda anamnezida odatdagi homila nuqsonlari va homiladorlikning oxiriga yetmasligi.
19. Bachadondan qon ketishi bilan kechuvchi hayz ko‘rish funksiyasining buzilishlari.
20. Glaukoma dekompensatsiya davrida.
Qo‘shimcha tibbiy moneliklar:
1. Qo‘l-oyoq va kaftlarining yo‘qligi.
2. Periferik qon-tomir kasalliklari (obliteratsiyalovchi endartriit, vena va qon tomirlarining varikoz kengayishi va boshqalar).
3.Periferik nerv tizimining surunkali kasalliklari.
4.Terining tez-tez qaytalanib turuvchi surunkali kasalliklari.
5.Ko‘rish o‘tkirligining korreksiya bilan bir ko‘zda–0,5 D dan kam, ikkinchisida–0,2 D dan kam yoki bir ko‘zda 0,7 D, ikkinchisida–umuman ko‘rishning yo‘qligi.
6. Etiologiyasidan qat’i nazar, eshitish qobiliyatining bir yoki ikki tomonlama turg‘un darajada pasayishi (shivirlab gapirish 3 m dan kam).
7. Markaziy nerv tizimining organik kasalliklari.
8. Vestibulyar buzilishlar.
Eslatib o‘tamiz, loyihaga o‘zgartirish kiritilishi yoki tasdiqlanmasligi mumkin.
LiveBarchasi