Prezidentning qizi 614 millionlik biznes egasiligi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning to‘ng‘ich qizi Mariya Voronsova OAV 614 million AQSH dollarlik investitsion loyihaga ega badavlat xonim sifatida ko‘rilmoqda. 

BBC`ning yozishicha, Prezidentning qizi mamlakat sog‘liqni saqlash sohasida yirik xususiy investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi kompaniya egalaridan biri bo‘lib chiqqan. Loyihaning bahosi 40 milliard rubl ($614 million)ga baholanmoqda.

Diqqatini saratonga qarshi kurashning zamonaviy usullariga qaratgan ushbu loyihani Rossiyadagi bir guruh nufuzli amaldorlar qo‘llab-quvvatlab keladi.

Joriy yilning iyul oyida “Nomeko” aksionerlik jamiyati tomonidan Sankt-Peterburgda “Yadro Tibbiyoti” simpoziumi tashkil etildi. Unda ma’lum qilinishicha, “Nomeko” yirik ko‘ptarmoqli tibbiyot kompleksi qurish bilan shug‘ullanmoqda. Loyihaning qiymati 40 milliard rublga teng.

“Nomeko” hissadorlari qatorida esa Mariya Vladimirovna Voronsovaning nomi ham bor. “The New York Times” nashri uni Prezident Putinning to‘ng‘ich qizi ekanini aytib chiqdi. 

Bi-bi-si Rus Xizmati shu vaqtga qadar o‘zining faqat ilmiy yutuqlari bilan ma’lum bo‘lgan Voronsovaning biznesdagi ilk tetapoyasi haqida hikoya qilishga qaror etdi.

“Nomeko” sohiblari orasida “Sogaz Meditsina” direktori Vladislav Baranov, sobiq ta’lim vaziri o‘rinbosari Sergey Mazurenko, Sogaz xalqaro tibbiyot markazi bosh vrachi Andrey Obrezan va Natalya Bugaenkoni uchratish mumkin.

Bugaenko haqida ko‘p narsa ma’lum emas. U joriy yilning iyul oyiga qadar u “Nomeko”ning bosh direktori bo‘lgan. Bugaenko “Sogaz Meditsina” xodimasi ekani taxmin etiladi.

BBC Rus Xizmati bunday ismli ayolning prezident qizi ekani yoki yo‘qligi bilan qiziqib ko‘rdi. Vladimir Putin oilasiga yaqin bir manba ushbu taxminni tasdiqlagan.

Reuters agentligining 2015 yilda bergan xabarida aytilishicha, prezident Putinning to‘ng‘ichi Mariya Moskva Davlat Universiteti (MGU) fundamental tibbiyot fakultetini tamomlagan va o‘z xizmat faoliyatini endokrinologiya sohasida boshlagan.

BBC bu ma’lumotlarni tasdiqlash uchun Kreml matbuot xizmatiga so‘rov yo‘llagan va javob ololmagan.

Rossiya prezidenti o‘z farzandlari haqida gapirishni xush ko‘rmaydi. Voronsovaning tarjimayi holiga uning nomzodlik ishiga yozilgan taqrizlar birmuncha oydinlik kiritgan. Ayni damda, ayolning yoshi 34 da ekani taxmin qilinadi, deyiladi xabarda.

U Moskva davlat universitetining fundamental tibbiyot fakultetini 2011 yilda “davolash ishi” mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. So‘ng Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Endokrinologiya ilmiy markazida xizmat qilgan.

Voronsova bundan ikki yil muqaddam “Gipofizar nanizm bilan og‘rigan bolalarni o‘sish gormonlari yordamida davolash: tibbiy va iqtisodiy jihatlar” mavzuida dissertatsiyasini himoya qilgan.

“The New York Times” jurnali va “Reuters” agentligining yozishicha, Voronsovaning turmush o‘rtog‘i - niderlandiyalik ishbilarmon Yorrit Yost Faassen. U 2006 yilda Gazpromga ishga joylashish maqsadida Rossiyaga kelgan va 2007 yilda biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor lavozimini egallagan. Mariya u bilan qachon turmush qurgani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas.

Mariyaning singlisi - Katerina Tixonova ham ilm dunyosi vakili. Tixonovaning Innopraktika kompaniyasi Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universitetining texnologiya vodiysida proton terapiyasi markazini qurishga bosh-qosh bo‘lmoqda.

2015 yilda Innopraktika MGUning ilmiy-texnologiya vodiysini kengaytirish bilan shug‘ullanayotgani va loyiha qiymati 110-120 milliard rubl ($1.6-1.8 milliard)ga baholanayotgani ma’lum bo‘lib, xabar shov-shuvga aylangan edi.

Berilgan ma’lumotlarga qaraganda, “Nomeko” qurmoqchi bo‘layotgan tibbiyot kompleksi maydoni 200 ming kvadrat metrga yetadi.

Uning tarkibiga onkologik markaz, reabilitatsiya va sport tibbiyoti markazi, o‘quv kompleksi, yadro tibbiyoti markazi kiritilishi kutilmoqda.

Tibbiyot kompleksi yiliga 20 ming bemorni qabul qilishi, u yerda bir yilda 10 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi va 3,500 bemor statsionar holatda onkologik davolanishdan o‘tishi aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Mariya Vorontsova

Baholaganlar

160

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing