Maktab attestatlarining yangi namunasi tasdiqlandi. Endi ular uch tilda yoziladi
Jamiyat
−
15 may 2019
6913Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 9 va 11 sinf bitiruvchilariga beriladigan shahodatnoma va attestatlarning hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari bitiruvchilariga beriladigan sertifikatning yangi namunasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjatlarning namunasi 2019 yil 14 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarning davlat namunasini tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi namunadagi shahodatnoma va attestat hamda sertifikat 11 yillik majburiy umumiy o‘rta ta’lim tizimiga o‘tilishi munosabati bilan tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim tizimida ilk marotaba nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga ham davlat namunasidagi shahodatnoma va attestatlarni berish nazarda tutildi.
Xalq ta’limi tizimida zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish va bitiruvchilar haqida ma’lumot olishning oson va tezkor mexanizmini yaratish maqsadida maktab bitiruvchilariga shahodatnoma va attestat berishda elektron tizim joriy etiladi.
Elektron tizimga bitiruvchilar haqidagi ma’lumot va baholarni kiritib boriladi. Har bir maktabda bitiruvchilarning ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Maxsus muhofazalangan qog‘ozda chop etilgan shahodatnoma va attestatning orqa qismida QR-kod joylashtiriladi va uni skaner qilish orqali bitiruvchi haqida umumiy bazadan ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Shu kunga qadar shahodatnoma va attestatga bitiruvchining familiyasi, ismi, bitirgan maktabi, o‘qigan fanlari bo‘yicha o‘zlashtirgan baholari ruchkada (qo‘lda) faqat o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa, bundan keyin kompyuterda uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz) yozilib, maxsus printerda chop etish rejalashtirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida bitiruvchilar xorijiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishda yanada qulaylik yaratadi.
Shuningdek, qaror bilan fuqarolarning dublikat shahodatnoma va attestat olish bo‘yicha murojaatlarini tezlashtirish, ortiqcha ovoragarchilik, byurokratizm va sarson-sargardon bo‘lishini oldini olish maqsadida hujjat dublikatini berish tartibi soddalashtirildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr