Tibbiyot xodimlari uchun ikkita yangi mukofot ta’sis etiladi

Jamiyat

image

Bugun, 11 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Majlis “Salomatlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi hamda “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini muhokama etishdan boshlandi.

Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir vaqtda “Salomatlik” ordenini ta’sis etishni davrning o‘zi taqazo etayotgani ta’kidlandi.

Ushbu orden ikki darajadan iborat bo‘lib, I darajali “Salomatlik” ordeni bilan tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va aholi salomatligini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shganlar taqdirlanadi. II darajali orden bilan esa aholi salomatligini muhofaza qilish, turli kasalliklarning barvaqt oldini olish va bartaraf etishda faol ishtirok etgan shaxslar mukofotlanadi.

Xuddi shuningdek, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish,  shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va badantarbiyani  kundalik turmush tarziga aylantirib, jamoatchilikka shaxsiy namuna bo‘layotgan hamyurtlarimiz xizmatlari  e’tirof etish maqsadida “Sog‘lom turmush” medali ta’sis etilmoqda.

“Salomatlik” ordeni hamda “Sog‘lom turmush” medali bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Ushbu orden va medalning ta’sis etilishi bugungi kunda  xalqimiz salomatligi uchun kurashayotgan fidoyi kasb egalari, shuningdek, sinovli kunlarda insoniy fazilatlarini namoyon etayotgan saxovatpesha va mard hamyurtlarimizni ma’naviy-ruhiy rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchi yalpi majlis kun tartibidagi mazkur qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, yalpi majlis kun tartibiga 20 ta masala kiritilgan, shu jumladan, 10 ta qonun ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat yalpi majlis

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing