Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi yakunlandi

Jamiyat

image

Bugun, 1 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari norasmiy Maslahat uchrashuvining tadbirlarga boy dasturi yakunlandi. “Issiqko‘l” aeroportida mamlakat yetakchisi va rafiqasini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov varafiqasi kuzatib qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Cho‘lponota shahrida qirg‘izistonlik mavqedoshi bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazgan. Uchrashuvlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, suv-energetika hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Ikki tomonlama hamkorlikni eng yuqori darajaga olib chiqadigan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning muhim natijasi bo‘lgan. Davlatlararo kengash tuzish yuzasidankelishuvga erishilgan.

Shuningdek, davlat chegarasi, ijtimoiy himoya va pensiya ta’minoti, oliy ta’lim, fuqarolarning kelib-ketishi, madaniyat, turizm hamda agrosanoat majmuasi sohalariga oid salmoqli hujjatlar to‘plami almashilgan.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish hamda Qambarota-1 GESni barpo etish loyihasini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofoti – I darajali “Manas” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan.

Prezident Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ham ishtirok etgan. Hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlash, savdo va transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga birgalikda qarshi kurashish hamda gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini qamrab oluvchi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qilgan.

Tashrif doirasida davlat rahbarlari Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubi, yangi besh yulduzli “Boku”mehmonxonasi hamda Issiqko‘lda suv-motor sporti bo‘yicha chempionatning ochilish marosimlarida ishtirok etgan.

Tadbirlar yakuniga yetgach, davlat rahbari rafiqasi bilan Toshkentga jo‘nab ketgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing