Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga tashrifi kutilmoqda – Kobaxidze

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning joriy yil iyul oyida Gruziyaga tashrifi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 20 iyun kuni xizmat safari bilan Tojikistonda bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

Amaliy tashrif bilan Tojikistonga borgan Irakliy Kobaxidze Tojikiston Bosh vaziri Qoxir Rasulzoda bilan uchrshuv o‘tkazgan. Shundan so‘ng u gruziyalik jurnalistlarning savollariga javob berishi davomida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etgan. Hukumat rahbarining bildirishicha, Gruziya yettita davlatni Qora dengiz va shu orqali G‘arb bilan bog‘lab turadi. Shuning uchun mamlakatning mazkur tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish savdo-iqtisodiy nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.

“Shu munosabat bilan Tojikiston bilan hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish ham muhimdir. Bundan tashqari, yaqinda Qirg‘izistonga tashrif buyurganimizni bilasizlar, tez orada Qozog‘istonga ham tashrif amalga oshiramiz. Iyul oyida esa O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Gruziyaga keladi”, deydi Bosh vazir.

Kobaxidzening aytishicha, Gruziyaning Markaziy Osiyo bilan o‘zaro munosabatlarida juda yaxshi dinamika kuzatilmoqda va bularning barchasi mamlakatning tranzit vazifasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi hamda bu maqsad uchun katta investitsiyalar kiritilmoqda.

U, shu bilan birga, mamlakat qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ham katta ahamiyat berayotganini aytib o‘tgan.

“Bilasizlar, bizda Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya bilan ajoyib munosabatlar mavjud. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni ham imkon qadar rivojlantirmoqdamiz. Ushbu jarayonlar asosida Gruziya o‘z iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida sezilarli darajada olg‘a siljiydi. Bu bizning asosiy ustuvor vazifalarimizdan biridir”, degan Irakliy Kobaxidze.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qilgan edi.

2025 yilning mart oyida esa Irakliy Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. O‘shanda ham Shavkat Mirziyoyev Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing