Shavkat Mirziyoyev Jahon bankining mintaqaviy vitse-prezidentini qabul qildi
Jamiyat
−
01 iyun 2023
3095Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 iyun kuni Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassanini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bankning yirik benefitsiarlaridan biri ekani, bugungi kunda loyihalar portfeli 3 barobarga kengaygani va hozirda 11 milliard dollardan oshgani e’tirof etilgan. 2026 yilga qadar Sheriklik dasturi 4 milliard dollarlik loyihalarni o‘z ichiga olishi qayd etilgan. Jahon banki sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, bank, energetika, transport, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan yangilanishlarga ko‘maklashayotgani ta’kidlanib, iqlim o‘zgarishi va rivojlanish bo‘yicha mamlakat hisobotini tayyorlash yakunlanayotgani ma’lum qilingan.
Jahon banki va O‘zbekiston o‘rtasida 2030 yilga qadar muddatga belgilangan maqsadli vazifalarga muvofiq kambag‘allikka qarshi kurashish, qishloqlar va o‘rta shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xotin-qizlar va yoshlar bandligiga ko‘maklashish, sog‘liqni saqlash va ta’limni isloh qilish loyihalari diqqat markazida turishi urg‘ulangan.
Uchrashuvda, shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Pak Chin boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qilgan edi.
LiveBarchasi