Shavkat Mirziyoyev yangi poyezdda Narpayga bordi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda O‘zbekistonga olib kelingan yangi “Hyundai Rotem” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdida Samarqand shahridan Narpay tumaniga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan ushbu poyezd mamlakatga yetkazib berilishi rejalashtirilgan oltita “Hyundai Rotem” poyezdlaridan birinchisi. Poyezd yetti vagondan iborat, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Oynalari qoraytirilgan oq rangli tarkib O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil rangli chiziqlar hamda “Jaloliddin Manguberdi” yozuviga ega. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa uchta – VIP, biznes va ekonom toifalarida 390 nafarga yaqin yo‘lovchini tashkil etadi.

Poyezd O‘zbekiston iqlimi uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, changga, juda yuqori va juda past haroratlarga hamda qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan, uzoq masofalarga mo‘ljallangan.

Yaqin orada “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishi bo‘ylab qatnay boshlaydi. Qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda.

Safar chog‘ida davlat rahbari viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilg‘or yoshlar bilan samimiy suhbatlashgan. O‘zbekistonda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, tobora ko‘payib borayotgan yirik loyihalar, odamlar farovonligi va qulayligi uchun amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar haqida fikr almashilgan.

Narpayga kelgach, Prezident gidroponika usulida tashkil etilgan qulupnaychilik issiqxonasi faoliyati bilan tanishgan.

Samarqandda azaldan dehqonchilik madaniyati rivoj topgan. Yer va suvdan unumli foydalanish bo‘yicha tajriba katta. Narpay tumanida ham har qarich yer maydoni va mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga e’tibor ortib bormoqda.

Bugun gidroponika usulida mahsulot yetishtirish amaliyotiga talab katta. “Narpay qulupnay” korxonasi ana shunday innovatsion yondashuvni amaliyotga tatbiq etib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishayotgan ilg‘or tadbirkorlik sub’ektlaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 650 ming dollarni tashkil etib, bir gektar maydonda zamonaviy issiqxona barpo etilgan. Mazkur issiqxonada yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda korxona “Narpay qulupnaylari” brendi ostida mahsulotlarini mahalliy yirik savdo tarmoqlariga yetkazib bermoqda. Bu esa ichki bozorni sifatli va ekologik toza mahsulotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, maxsus ozuqaviy eritmalar yordamida parvarishlanadi. O‘simlik ildizlari yerda emas, balki suvni yaxshi o‘tkazuvchi kokos qipig‘i muhitida rivojlanadi. Bunda qulupnay zarur mineral moddalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suv orqali qabul qiladi. Bu esa o‘simlikning energiya sarfini kamaytirib, o‘sish jarayonini tezlashtiradi. Hosildorlik an’anaviy usullarga nisbatan bir necha baravar yuqori bo‘ladi.

Shu bilan birga, gidroponika texnologiyasi kichik maydonda katta hajmda mahsulot yetishtirish imkoniyatini yaratadi. Eng muhimi, tuproqdan foydalanilmasligi tufayli suv sarfi 80 foizgacha kamayadi. O‘simlik kasalliklari xavfi past bo‘lgani sababli kimyoviy vositalardan foydalanish minimal darajaga tushiriladi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini ta’minlashga xizmat qiladi va bugungi kun talablariga to‘liq javob beradi.

Issiqxonada suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgan. Xususan, yomg‘ir suvini to‘plash va undan samarali foydalanish maqsadida katta sig‘imli suv havzasi barpo qilingan. Shuningdek, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatilgani ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yil davomida barqaror yetkazib berishni ta’minlashda bunday loyihalarning ahamiyati alohida ekani ta’kidlangan. Tadbirkorning istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida ham ma’lumot berilgan.

Xususan, kelgusida loyihani kengaytirish, qo‘shimcha ravishda 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etish rejalashtirilgan. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshadi. Yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlat rahbari bunday usuldagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ko‘paytirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta’kidlagan.

“Bugun barcha sohada bo‘lgani kabi mazkur yo‘nalishda ham sun’iy intellektdan samarali foydalanish zarur. Agar ishlar to‘g‘ri tashkil etilib, odamlarni bu ish bilan shug‘ullanishga o‘rgatsak va buni Narpay tajribasi sifatida keng ommalashtirsak, xalqimiz gidroponika usulida yil davomida hosil yetishtirib bozorni ham to‘ldiradi, yaxshigina daromad ham qiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev poezd Narpay Hyundai Rotem

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing