Shavkat Mirziyoyev va To‘qayev Buxoroda uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 11 aprel kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Muzokaralar avvalida O‘zbekiston rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklagan.
 
Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etilgan. 

Bildirilishicha, barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashgan. Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, o‘tgan yili 5 milliard dollarga yetgan. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqilgan. Transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlangan.

Shuningdek, tomonlar “Qambarota” gidroelektrstansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qilgan.

Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan, chegaradosh hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etilgan.

Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qat’iyligini bildirgan.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olingan.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashgan.

Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitilgan.

Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qosim-Jomart To‘qayev amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgani haqida xabar berilgan edi. Oliy martabali mehmonni Buxoro xalqaro aeroportida O‘zbekiston rahbari kutib olgan. Keyinroq yetakchilar Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Buxoro Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing